Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Navoiy viloyatida yo‘l-transport hodisasi oqibatida 3 kishi halok bo‘lgan avtobus haydovchisiga nisbatan hukm chiqarildi. Tamdi tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudi erkakni aybdor deb topib, uni 10 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Fojiali voqea 2026-yil 5-yanvar kuni erta tongda A-379 “Navoiy–Uchquduq” avtomobil yo‘lining 167-168 kilometrida, cho‘l hududida sodir bo‘lgan. 1986-yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi avtobus “Zarafshon–Navoiy” yo‘nalishida harakatlanib, 47 yo‘lovchini tashigan. Haydovchining e’tiborsizligi tufayli transport vositasi yo‘ldan chiqib, tepalik yonbag‘rida ag‘darilgan. Natijada 3 kishi, jumladan bir voyaga yetmagan shaxs voqea joyida vafot etgan. Yana 21 yo‘lovchi turli darajadagi tan jarohatlari olgan. Voqeadan taxminan 35-40 daqiqa o‘tgach, ichki ishlar xodimlari, qutqaruvchilar va tez tibbiy yordam guruhlari yetib kelgan.

Sud majlisida haydovchi aybini to‘liq tan olib, avariya sabablarini batafsil aytib bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u engil tuman sharoitida soatiga 70 kilometr tezlikda ketayotgan bo‘lgan. Harakat vaqtida suv ichmoqchi bo‘lib, shisha qopqog‘ini tushirib yuborgan. Uni poldan qidirish vaziyatni nazoratdan chiqishiga olib kelgan.

Sud erkakni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (yo‘l harakati xavfsizligi yoki transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish, odam o‘limiga sabab bo‘lish) bo‘yicha aybdor deb topgan. Unga 10 yil muddatga koloniya-posyolkada ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shuningdek, mahkum barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan 3 yil muddatga mahrum etilgan.

Sud, shuningdek, uni ag‘darilgan avtobusga egalik qiluvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat foydasiga 147 million so‘m moddiy zararni to‘lashga majbur qilgan.

Source: podrobno.uz