Toshkent xalqaro aeroportida tezkor tadbir davomida 25 yoshli Angren shahri ayoli qo‘lga olindi. U o‘z tanishlari bilan til biriktirib, Jizzax viloyatida yashovchi ayolni aldab, Dubayga ishchi o‘rinlari va’da qilgan holda jo‘natmoqchi bo‘lgan.
Viloyat IIB matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchi Dubayda yashovchi tanishlari bilan birga jinoyat sxemasini tuzgan. U jabrlanuvchiga yuqori maoshli ish o‘rinlari borligini aytib, ishonchiga kirgan.
Rejaga ko‘ra, Dubayda jabrlanuvchini yana bir O‘zbekiston fuqarosi kutib olishi kerak edi. Ayol xalqaro reys orqali qurbonni jo‘natish vaqtida poytaxt aeroportida ushlangan.
Qo‘lga olingan Angren ayoliga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi “d” va “k” bandlari (odam savdosi) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda, shuningdek, ushbu jinoyat tarmog‘iga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.
Source: podrobno.uz