Toshkent shahrida 9-sinfni bitirgan ikki nafar o‘smir davlat raqami yechib qo‘yilgan BYD rusumli avtomobilda yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 15-iyun kuni ertalab sodir bo‘lgan. Toshkentdagi 64-maktabning 9-sinfini bitirgan ikki nafar sinfdosh BYD avtomobilini haydab chiqqan. Haydovchilik tajribasiga ega bo‘lmagan o‘smir transport vositasi boshqaruvini yo‘qotib, Yutong rusumli yo‘lovchi avtobusining orqa qismiga kelib urilgan.
Hodisa vaqtida avtobus ichida yo‘lovchilar bo‘lmagan. Shuningdek, YTH oqibatida hech kim tan jarohati olmagan.
O‘smirning otasi farzandi ertalab uydagilarning ruxsatisiz oilaga tegishli avtomobilni olib chiqqanini aytgan. “Menda ayb, shu o‘g‘limizni sal nazoratsiz qoldirganimiz. Ertalab o‘rnidan vaqtli turib, ruxsatsiz o‘zimizga tegishli avtotransport vositasini olib chiqib ketgan”, — degan u.
YHXX mas’uli mazkur holat og‘irroq oqibatlarga ham olib kelishi mumkinligini ta’kidlagan. “Farzandingiz og‘ir tan jarohati olishi, bir umrga mayib bo‘lib qolishi yoki vafot etishi ham mumkin edi. Yoki boshqa bir fuqaroni urib yuborishi ehtimoli ham bor edi”, — deyiladi murojaatda.
Ma’lum qilinishicha, holat yuzasidan transport vositasini hujjatsiz boshqargan yigitning otasiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
YHXX ushbu shaxslarning xatti-harakatlaridan jabrlangan fuqarolar bo‘lsa, yaqin atrofdagi ichki ishlar bo‘limiga yoki 102 raqami orqali murojaat qilishni so‘ragan.
Avvalroq Surxondaryo viloyati Uzun tumanida Damas va Nexia ishtirokida sodir bo‘lgan YTH oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan edi. Avtomobillarni haydovchilik huquqiga ega bo‘lmagan 17 va 20 yoshli shaxslar boshqargan. Qolgan ishtirokchilar turli darajada jarohat olgan.
Shuningdek, Toshkentda 16-sonli avtobus va BYD ishtirokida YTH sodir bo‘lgandi. “Toshshahartransxizmat” ma’lumotiga ko‘ra, elektromobil chorrahaga svetoforning qizil chirog‘ida chiqib, chapga burilayotgan avtobus bilan to‘qnashgan. Har ikki haydovchi shifoxonaga yotqizilgan, avtobus yo‘lovchilaridan hech kim jabrlanmagan.
Source: www.gazeta.uz