️ 4-iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tumani (Samarqand viloyati) sudida Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tomonida jang qilgan 23 yoshli fuqaro M.B.ga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sud hujjatlariga ko‘ra, M.B. 2024-yil oktabr oyida mavsumiy ishlash maqsadida Rossiyaning Moskva shahriga ketgan.
️ Keyinchalik Orenburg shahrida bo‘lib turgan vaqtida, 2025-yil 8-yanvar kuni giyohvandlik vositalarining noqonuniy savdosi bilan bog‘liq jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushlangan va vaqtincha saqlash muassasiga joylashtirilgan. Tergov materiallarida qayd etilishicha, muassasa xodimlari unga uzoq muddatli qamoq jazosi tayinlanishi mumkinligini aytgan.
️ Shu bilan birga, Rossiya fuqaroligi, bir martalik yirik pul mukofoti va oylik maosh evaziga Rossiya-Ukraina urushida qatnashishga rozilik bildirsa, javobgarlikdan ozod qilinishi mumkinligi taklif qilingan. U 2025-yil avgust oyida Rossiya tomonida Ukrainadagi harbiy harakatlarda ishtirok etish uchun yollangan.
️ Sud materiallariga ko‘ra, 2025-yil avgustidan 2026-yil fevraliga qadar Rostov va Donetsk viloyatlarida joylashgan Rossiya Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismlarda harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan hamda janglarda qatnashgan. Harbiy harakatlar vaqtida snaryad portlashi oqibatida jarohat olgan M.B. harbiy gospitalga yotqizilgan.
️ Keyinchalik u 2026-yil 16-fevral kuni gospitaldan qochib chiqqan va Rostov shahridagi O‘zbekiston Bosh konsulxonasiga murojaat qilgan. Konsulxona tomonidan unga “Vatanga qaytish guvohnomasi” rasmiylashtirilgan va ushbu hujjat bilan u 2026-yil 6-mart kuni O‘zbekistonga qaytgan.
️ Sudda so‘roq qilingan M.B. aybiga qisman iqror bo‘lgan. Uning aytishicha, 2024-yil oktabr oyida ishlash uchun Rossiyaga ketib, avval Kaluga shahrida, keyinroq esa Orenburg shahrida faoliyat yuritgan. U yerda Wildberries yetkazib berish xizmatiga ishga joylashgan.
️ M.B.ning ko‘rsatma berishicha, 2025-yil 8-yanvar kuni buyurtmani yetkazib berish uchun ketayotgan vaqtda fuqarolik kiyimidagi bir necha kishi uni to‘xtatgan va o‘zlarini politsiya xodimlari sifatida tanishtirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, shaxsiy tintuvdan keyin cho‘ntaklaridagi barcha buyumlarni avtomashina kapoti ustiga chiqarib qo‘yish talab qilingan.
️ “Cho‘ntaklarimda bo‘lgan narsalarni chiqarib, avtomashina kapotiga qo‘yganimda, ularning orasida menga tegishli bo‘lmagan 9 dona ko‘k rangli skotchga o‘ralgan narsalar borligini ko‘rdim”, — degan M.B. Uning aytishicha, politsiya xodimlari o‘ramlardan birini ochib ko‘rgan va ichida giyohvandlik vositasi borligini ma’lum qilgan. Shundan keyin u ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan va vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.
️ M.B. sudda hibsda saqlangan davrda unga nisbatan bosim va qiynoqlar qo‘llanganini aytdi. “Vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirib, 3 oy davomida menga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik o‘tkazilib, qiynoqlar qo‘llandi hamda Ukrainada bo‘layotgan urushga borish uchun shartnoma tuzishga majburlab kelishdi”, — dedi u.
️ Uning ko‘rsatmasiga ko‘ra, 2025-yil mart oyida Rossiya sudi uni giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatda aybli deb topib, sakkiz yilga ozodlikdan mahrum qilgan. Shundan so‘ng u Orenburg shahridagi jazoni ijro etish muassasasiga yuborilgan.
️ M.B.ning ta’kidlashicha, jazoni o‘tayotgan vaqtda muassasa xodimlari unga Rossiya fuqaroligi, 400 ming rubl miqdorida bir martalik to‘lov va yuqori oylik maosh va’da qilib, Ukrainadagi urushda qatnashish uchun shartnoma imzolashga ko‘ndirishda davom etgan.
️ “Doimiy ravishda tazyiq va bosim o‘tkazib kelishganligi oqibatida qiynoqlarga chiday olmasdan, Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi jangovar harakatlarda ishtirok etishga rozilik bildirib, Rossiya Mudofaa vazirligi bilan bir yil muddatga harbiy xizmatni o‘tash to‘g‘risida shartnoma tuzishga majbur bo‘ldim”, — degan u.
️ M.B.ning aytishicha, shartnoma imzolangandan keyin u taxminan 200−250 nafar boshqa mahkumlar bilan birga harbiy samolyotda Rostov viloyatiga olib ketilgan. Keyin esa Donetskdagi harbiy qismga joylashtirilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir necha oy davomida xandaq qazish va harbiy obyektlarni niqoblash ishlariga jalb qilingan.
️ M.B. 2025-yil dekabr oyida sodir bo‘lgan voqeani ham so‘zlab bergan. “2025-yil 10-dekabr kuni 8 nafar mahbus harbiy qismdan chiqib, o‘rmonda ketayotganimizda harbiy drondan tashlangan snaryad portlashi oqibatida tan jarohati olib, xushimni yo‘qotdim. O‘zimga kelganimda 6 nafar sherigim halok bo‘lganligini, faqat bir nafar sherigim ikkimiz tirik qolganimizni bildim”, — degan u.
️ Uning aytishicha, shundan keyin Rostov shahridagi harbiy gospitalda davolangan. M.B. sudda amakisi yordamida Rostov shahridagi O‘zbekiston Bosh konsulxonasiga murojaat qilganini aytgan. Uning ko‘rsatmasiga ko‘ra, konsulxona xodimlari unga “Vatanga qaytish guvohnomasi” rasmiylashtirib bergan. Shundan keyin u Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston orqali harakatlanib, 2026-yil 6-mart kuni vatanga qaytgan.
️ Sudda M.B. Ukrainadagi urushda ixtiyoriy ravishda qatnashmaganini ta’kidlagan. “Bu harakatim qonunga xilof ekanligini bilardim. Lekin jazoni o‘tash davrida JIEK xodimlari tomonidan o‘tkazilgan doimiy tazyiq va qiynoqlarga chiday olmasdan, majburlikdan jangovar harakatlarda ishtirok etishga rozilik bildirdim”, — degan u.
️ M.B.ning aytishicha, u to‘g‘ridan-to‘g‘ri jangovar harakatlarda ishtirok etmagan va asosan xandaq qazish hamda harbiy texnikalarni niqoblash ishlariga jalb qilingan. Sudlanuvchi qilgan ishidan pushaymon ekanini bildirib, suddan yengillik berishni so‘ragan.
️ Sudda guvohlik bergan profilaktika inspektorining aytishicha, M.B. O‘zbekistonga qaytgach, u bilan o‘tkazilgan suhbatda Rossiyada qamalgani va keyin Ukrainadagi urushga jalb qilinganini so‘zlab bergan. Inspektor uning oilasi ilgari huquqni muhofaza qiluvchi organlar e’tiboriga tushmaganini ham qayd etgan.
️ Sud hukmida qayd etilishicha, M.B.ning aybiga iqror bo‘lgani va qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi jazoni yengillashtiruvchi holatlar sifatida baholangan. Shu bilan birga, uning harakatlarida jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar aniqlanmagan.
️ Sud jazo tayinlashda M.B.ning bo‘ydoq ekani, oilaviy va moddiy ahvoli og‘irligini ham inobatga olgan. Hukmda qayd etilishicha, u O‘zbekistonga qaytgach, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga o‘zi bilan sodir bo‘lgan voqealar haqida ro‘y-rost ma’lumot bergan hamda tergovga ko‘maklashgan.
️ Sud ushbu holatlarni jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi omillar deb baholab, M.B.ni jamiyatdan ajratmagan holda ham qayta tarbiyalash mumkin, degan xulosaga kelgan.
️ Sud M.B.ni Jinoyat kodeksining 154-moddasi (Yollanish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topdi. Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasi (Yengilroq jazo tayinlash) qo‘llanilib, 3 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
️ Hukmga ko‘ra, M.B. ushbu muddat davomida Urgut tumanidagi yashash manzilini tark eta olmaydi. Faqat tibbiy muolaja olish uchun tibbiyot muassasasiga borib kelishga ruxsat berilgan. Bundan tashqari, unga Urgut tumani ichki ishlar bo‘limi ruxsatisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik va Samarqand viloyati hududidan tashqariga chiqmaslik majburiyati yuklatilgan.
️ Hukm ijrosini ta’minlash va mahkum ustidan nazorat qilish Urgut tumani IIB Jamoat xavfsizligi xizmati probatsiya bo‘linmasi zimmasiga yuklatildi. Shuningdek, hukm qonuniy kuchga kirgach, unga nisbatan qo‘llanilgan “munosib xulq-atvorda bo‘lish haqida tilxat” ehtiyot chorasi bekor qilinishi belgilandi.
Source: www.gazeta.uz