Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Markaziy bank raisi Temur Ishmetov 13-iyun kuni Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida regulyatorning 2025-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini taqdim etdi. Unda MB depozit va kredit stavkalariga ma'muriy ta'sir ko‘rsatishni rejalashtirmasligi ma'lum qilindi.

Senator Odiljon Mamatkarimov MB hisobotiga tayanib, 2025-yilning yanvar-iyun oylarida aholining milliy valyutadagi muddatli depozitlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkalari 21,8 foizni tashkil etgani, yil yakuniga kelib esa 20,6 foizgacha pasayganini ta'kidladi. Shunga qaramay, inflyatsion kutilmalarga nisbatan real foiz stavkalari 9,1 foiz – ijobiy darajada saqlanib qolgan va depozitlar hajmi sezilarli o‘sgan.

Senator Jamila Bobonazarova kreditlar qiymatiga e'tibor qaratib, 2025-yil yakunlariga ko‘ra jismoniy shaxslarga milliy valyutada berilgan kreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 23,6 foizni tashkil etib, 2024-yilga nisbatan 0,9 foiz punktiga pasayganini ma'lum qildi. U kredit resurslarining real qiymati hali ham yuqori ekanini ta'kidladi.

Temur Ishmetov MB depozit stavkalarini targetlashni maqsad qilib qo‘ymaganini, asosiy maqsad inflyatsiya va inflyatsion kutilmalarni pasaytirish ekanini aytdi. U depozitlar bo‘yicha yuqori real stavka aholini jamg‘arishga rag‘batlantirib, iste'molni tiyib turishga yordam berishini qayd etdi.

Ishmetov kredit stavkalari inflyatsiya, inflyatsion kutilmalar, resurslar qiymati va moliyaviy risklar ta'sirida shakllanishini, MB esa stavkalarga ma'muriy yo'llar bilan ta'sir ko‘rsatmasligini ta'kidladi. Kreditlarni barqaror arzonlashtirishning asosiy yo‘li inflyatsiyani tizimli ravishda pasaytirishdir.

MB rahbari bank tizimini transformatsiya qilish, kapital bozorini rivojlantirish va raqobatni kuchaytirish kabi yo‘nalishlarni muhim deb hisoblaydi. Raqamli yechimlar va risk-menejment tizimlarini rivojlantirish ham kreditlar qiymatining pasayishiga yordam berishi kutilmoqda.

Source: www.gazeta.uz