O‘zbekiston Markaziy banki ilk bor banklarning fuqarolar murojaatlari bilan ishlash sifatini aks ettiruvchi indeksni e’lon qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov 13-iyun kuni Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida ma’lum qildi.
Majlisda MBning 2025-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobot tinglandi. MB rahbarining so‘zlariga ko‘ra, regulyator banklarning mijozlar shikoyatlari va murojaatlari bilan ishlash sifatini aks ettiruvchi maxsus indeks ishlab chiqqan.
“Birinchi marta banklarning fuqarolar murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha indeksini ishlab chiqdik. Kelasi hafta eng yomon ko‘rsatkichlarga ega banklarni e’lon qilishni boshlaymiz”, — dedi Timur Ishmetov.
Shuningdek, u Markaziy bank ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolarning bank xizmatlari sifatiga doir shikoyatlari uchun alohida kanallar ochishni niyat qilayotganini ma’lum qildi. “Yana bir oydan keyin barcha fuqarolar uchun, bank xizmatlari sifati nuqtai nazaridan, Markaziy bank ijtimoiy [tarmoqlardagi] sahifalarida alohida ikkita kanal ochadi. [Fuqarolar] to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilib yozishi, har bitta bank bir soat ichida shu murojaatga javob qilib, masalani hal qilishi mexanizmini ishga tushirishi kerak bo‘ladi”, — dedi Markaziy bank raisi.
Timur Ishmetov Markaziy bankning o‘zida ham kommunikatsiya bilan bog‘liq muammolar mavjudligini tan oldi. Uning aytishicha, o‘tgan oydan regulyator o‘zining koll-markazini yangilab, uni yangi kontakt-markazga aylantirgan. “Hozir test rejimida ishlayapti. Shuning o‘zini hisobiga bizda murojaatlar soni keskin — olti baravar oshdi. Bu nimadan dalolat beradi? Avvallari bizga ham yetarlicha qo‘ng‘iroq qila olmagan odamlar. Buni hozir sinovdan o‘tkazyapmiz, bir-ikki oydan keyin uni e’lon qilib, ishlashni kengaytiramiz”, — deya qayd etdi MB rahbari.
U regulyator banklarning iste’molchilar bilan o‘zaro hamkorligi va ularning huquqlarini himoya qilish borasida yanada kengroq ishlarni boshlaganini ta’kidladi. “Biz, umuman, banklarning iste’molchilar bilan ishlashi, ularni himoya qilish nuqtai nazaridan keng qamrovli ishlarni boshladik. Bu yildan keskin ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rsatamiz”, — dedi MB raisi.
Timur Ishmetov ushbu majlisda, shuningdek, MB bankomatlardan naqd pul yechib olishdagi muammolarni nafaqat texnik nosozlik, balki iste’molchilar huquqlarining ehtimoliy buzilishi sifatida ham ko‘rib chiqa boshlaganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, regulyator avgust oyi boshidan bunday muammolarning ayrim holatlari uchun banklarni jarimaga tortishni rejalashtirmoqda.
Source: www.gazeta.uz