Toshkent shahar hokimiyati tomonidan “Daryo bo‘yi biznes siti” nomli yangi shaharsozlik loyihasi taqdim etildi. Loyihaning asosiy maqsadi – dam olish, ishlash va oilaviy hordiq chiqarish uchun qulay jamoat joylarini yaratish, shuningdek, yangi ish o‘rinlarini shakllantirish, xizmat ko‘rsatish, turizm, savdo va tadbirkorlik sohalarini rivojlantirishdir.
Loyiha Chirchiq daryosining 24 kilometrlik qismi bo‘ylab hududni kompleks o‘zlashtirishni nazarda tutadi. Ikkala qirg‘oq bo‘yidagi hududlarni obodonlashtirish, zamonaviy turar-joy va ishbilarmonlik kvartallarini qurish, jamoat joylarini rivojlantirish, transport va muhandislik infratuzilmasini yaxshilash rejalashtirilgan. Shuningdek, Toshkentda 12 ta sun’iy ko‘l yaratish tashabbusi muhokama qilindi.
Hokimiyat xabariga ko‘ra, “Daryo bo‘yi biznes siti” qirg‘oq bo‘yidagi hududlarning salohiyatini yangicha ochish, shahar muhitini kengaytirish, yangi turar-joy va ishbilarmonlik zonalarini mavjud infratuzilma bilan bog‘lash, shuningdek, poytaxt aholisi va mehmonlari uchun qo‘shimcha diqqatga sazovor joylarni yaratish imkonini beradi.
Loyihada transport qulayligi, muhandislik tarmoqlarini rivojlantirish, yashil hududlar yaratish, ekologik vaziyatni yaxshilash va ochiq jamoat joylarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Taqdimot yakunida loyiha yechimlari batafsil ko‘rib chiqildi. Mas’ul idoralarga aholi qulayligi, ekologik barqarorlik, xavfsizlik va iqtisodiy samaradorlikni hisobga olgan holda konsepsiyani keyingi takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Source: kun.uz