Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Yaponiya hukumati O'zbekistonga ikki loyiha doirasida jami 36,76 milliard iyen (taxminan 230 million dollar) miqdorida kredit ajratdi. Bu haqda Yaponiya elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.

10-iyun kuni Toshkentda ikki loyiha bo'yicha nota almashinuvi imzolandi. Hujjatlarni Yaponiya elchisi Hirata Kenji va O'zbekiston bosh vaziri o'rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo'chqorov imzoladi.

Birinchi loyiha — "Davlat binolarining energiya samaradorligini oshirish" — 21,79 milliard iyengacha (taxminan 136 million dollar) kreditni nazarda tutadi. Ikkinchi loyiha — "Sanoat sektorida energiya samaradorligini oshirish" — 14,97 milliard iyengacha (taxminan 93,4 million dollar) kredit ajratiladi.

Ikkala kredit ham 25 yil muddatga, shu jumladan 7 yillik imtiyozli davr bilan beriladi. Asosiy kredit bo'yicha foiz stavkasi 2,4%, konsalting xizmatlari uchun esa 0,8% ni tashkil etadi.

Hamkorlik davlat binolari va sanoatda energiya tejovchi uskunalar va texnologiyalarni modernizatsiya qilish va joriy etishga qaratilgan bo'lib, bu energiya iste'moli va issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish imkonini beradi.

Source: kun.uz