Toshkent shahrida Mustafo Kamol Otaturk nomidagi ko‘cha tashkil etiladi. Tegishli qaror [PQ-226-son] 15-iyun kuni prezident tomonidan imzolandi.
Qarorga ko‘ra, Toshkent shahri Yashnobod tumanida barpo etilayotgan “O‘zbek-turk do‘stligi” xiyoboniga yondosh bo‘lgan Abdulla Qodiriy ko‘chasining bir qismiga Mustafo Kamol Otaturk nomi beriladi. Ushbu qism Istiqbol, Farg‘ona yo‘li va Nukus ko‘chalari kesishmasidan Abdulla Qodiriy ko‘chasi va Mahtumquli shohko‘chasi kesishmasigacha (Bobur nomidagi ekobog‘) bo‘lgan hududni o‘z ichiga oladi.
Mustafo Kamol Otaturk (1881−1938) — Turkiya Respublikasining asoschisi va birinchi prezidenti. U Usmoniylar imperiyasi parchalanganidan so‘ng mustaqil Turkiya davlatini tashkil etgan, mamlakatda keng ko‘lamli siyosiy, huquqiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirgan. 1934-yilda unga “Otaturk” (“Turklar otasi”) familiyasi berilgan.
Eslatib o‘tamiz, poytaxt ko‘chalaridan biriga Otaturk nomini berish rejasi 2022-yilda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘anning O‘zbekistonga tashrifi arafasida elchi Olgan Bekar va poytaxtning sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev tomonidan muhokama qilingan. 2025-yil fevralda bu yana muhokama qilindi.
Poytaxt markazida Otaturk ko‘chasi allaqachon mavjud bo‘lgan, unda “Demir” nomli yirik turk supermarketi joylashgan edi. 2011-yilning bahorida u o‘sha yerdagi savdo majmuasi nomi bilan Zarafshon deya atala boshlandi.
Bundan tashqari prezidentning yana bir qarori bilan [PQ-225-son] Xorazm viloyati Bog‘ot tumani Ashxobod mahallasida joylashgan Ezgu tilak ko‘chasiga Shakarjon Xo‘janiyozova nomi beriladi.
Shakarjon Xo‘janiyozova (1955−2017) — Xorazm viloyatida uzoq yillar rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan davlat va jamoat arbobi. U turli yillarda Bog‘ot tumani hokimi, Xorazm viloyati hokimining o‘rinbosari, viloyat Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimlarida ishlagan. “Mehnat shuhrati” ordeni va “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.
Source: www.gazeta.uz