Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahrining Shayxontohur tumani ichki ishlar organi Jinoyat qidiruv bo‘limi bo‘linma boshlig‘iga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, mansabdor shaxs o‘zining tanishlari orqali tadbirkorga nisbatan Jinoyat kodeksining firibgarlik moddasi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini ijobiy hal qilib berish evaziga 7 ming dollar so‘ragan.

Shuningdek, u tadbirkorga tegishli restoranda sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida ishchining kuyish jarohati olgani holati bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini tugatib berish uchun yana 500 dollar talab qilgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida bo‘linma boshlig‘i so‘ralgan puldan 2,5 ming dollarini oldindan olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarda poraxo‘rlikka qarshi kurash davom etmoqda.

Source: www.gazeta.uz