O‘zbekiston prezidenti tegishli qarorni imzoladi. Unga ko‘ra, poytaxtning Yashnobod tumanidagi Abdulla Qodiriy ko‘chasining bir qismiga Turkiya Respublikasi asoschisi va birinchi prezidenti Mustafo Kamol Otaturk nomi beriladi.
Yangi nom qurilayotgan O‘zbek-Turk do‘stligi bog‘i yonidagi uchastkaga beriladi. Aniqrog‘i, bu Istiqlol, Farg‘ona yo‘li va Nukus ko‘chalari kesishmasidan Abdulla Qodiriy ko‘chasi va Maxtumquli prospekti kesishmasigacha bo‘lgan qismdir.
Qaror O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash va taniqli davlat arbobi xotirasini abadiylashtirish maqsadida qabul qilingan.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentdagi Kirov ko‘chasi 1990-yillar boshida Otaturk nomi bilan atalgan edi. Biroq 2011-yil may oyida Turkiya bilan munosabatlar yomonlashgani sababli ko‘cha Zirafshon deb o‘zgartirilgan. O‘sha yili ko‘chada joylashgan mashhur Demir supermarketi ham yopilgan edi.
Keyinchalik Yashnobod tumani hokimiyati Abdulla Qodiriy ko‘chasining bir qismiga Turkiya asoschisi nomini berish tashabbusi bilan chiqqan. Qayta nomlash uchun ko‘pchilik shaharliklar fikrini qo‘llab-quvvatlashi kerak edi.
Source: podrobno.uz