Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda 2026-yil may oyida inflyatsion kutilmalar pasaygani kuzatildi. Bu haqda Markaziy bank o‘tkazgan so‘rov natijalari ma’lum qildi. Aholi va biznes vakillari kelgusi yil uchun narx o‘sishini 10% atrofida kutmoqda.

So‘rovda 5 mingdan ortiq respondent ishtirok etdi, shundan 3,4 mingi fuqaro va 1,8 mingi biznes vakili. Eng yuqori inflyatsion kutilmalar nafaqaxo‘rlar orasida qayd etildi – 12,6%, talabalar esa 9% ni kutmoqda.

Oylik daromadi 4 million so‘mdan yuqori bo‘lgan fuqarolar narx o‘sishini boshqa guruhlarga nisbatan yuqoriroq baholamoqda.

Tadbirkorlik sohasida eng yuqori kutilmalar qurilish tarmog‘ida – 11,9%, eng past esa umumiy ovqatlanish sohasida – 8,5% ni tashkil etdi.

Hududiy farqlar ham sezilarli: Toshkent shahrida aholi inflyatsiyani 12% deb prognoz qilsa, Namangan viloyatida bu ko‘rsatkich 8,7% ni tashkil etdi. Biznesda eng yuqori prognoz Jizzax viloyatida (11,9%), eng past Andijon viloyatida (8,1%) qayd etildi.

Respondentlar inflyatsion kutilmalarga ta’sir etuvchi asosiy omil sifatida kommunal xizmatlar va energiya resurslari narxining oshishini ko‘rsatdi.

Avvalroq Markaziy bank yillik narx o‘sishi 9,8% dan 7,8% gacha pasayganini ma’lum qilgan edi. Bu asosiy stavkaning 14% darajasida ushlab turilishi hisobiga erishildi. Markaziy bank raisi Timur Ishmetov Senatga taqdimotida 2027-yilga kelib inflyatsiyani 5% ga tushirish rejalashtirilayotganini aytdi.

Source: podrobno.uz