Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent xalqaro investitsiya forumida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirov O‘zbekistonda islomiy moliyani rivojlantirish bosqichlari haqida ma’lumot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi bosqich mikromoliya sektoridan boshlandi.

2024-yilda mikromoliya tashkilotlari uchun islomiy moliyalashtirish bo‘yicha tartibga solish joriy etildi. Hozirda 12 ga yaqin mikromoliya tashkiloti murobaha, ijara, salam, muzoraba va mushoraka kabi islomiy mahsulotlarni taklif qilmoqda.

2025-yilda sakkizta mikromoliya tashkiloti tomonidan ko‘rsatilgan islomiy xizmatlar hajmi taxminan 21 mlrd so‘mni tashkil etdi. Joriy yilning besh oyida bu ko‘rsatkich 22 mlrd so‘mga yetdi. Murobaha shartnomalari umumiy hajmning 63 foizini egallaydi.

Ikkinchi bosqichda islomiy bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi. 29-iyundan kuchga kiradigan ushbu qonun to‘liq islomiy banklar va an’anaviy banklardagi islomiy darchalar uchun litsenziya tizimini joriy etadi.

Shariat nazoratining ikki bosqichli tizimi yo‘lga qo‘yiladi: Markaziy bank huzuridagi Islomiy moliya kengashi va banklar darajasidagi kengashlar. Joriy yilda yettita standart ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Uchinchi bosqichda islomiy kapital bozori infratuzilmasi, jumladan sukukni rivojlantirish uchun huquqiy baza yaratiladi. Kapital bozori to‘g‘risidagi yangi qonunda sukukka oid alohida bob mavjud.

Source: www.gazeta.uz