O‘zbekiston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Jaloliddin Masharipov jarohati tufayli jahon chempionatida o‘ynay olmaydi. Bu haqda O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi (O‘FA) xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, terma jamoa jahon chempionatidagi ilk uchrashuvini 18-iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 7:00 da Kolumbiya terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi. O‘FA ma'lumotlariga ko‘ra, jamoa Atlantada rasmiy mashg‘ulotlarni o‘tkazib, keyin Mexikoga yo‘l oladi.
O‘FA mutasaddilari Masharipovning uzoq vaqt o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmagani va mashg‘ulot jarayonida to‘liq ishtirok eta olmagani uchun tibbiy shtab tomonidan zarur choralar ko‘rilganini, uning tiklanishi individual dastur asosida olib borilganini ta'kidladi.
Futbolchining chuqur tibbiy tekshiruvlari natijalari FIFA tibbiy qo‘mitasiga topshirilgan. Qo‘mita vaziyatni sinchiklab o‘rganib, o‘zbekistonlik futbolchi jahon chempionati o‘yinlarida qatnasha olmaydi degan xulosaga kelgan.
Jarohatlangan Masharipov o‘rniga O‘zbekiston terma jamoasining yakuniy arizasiga shoshilinch ravishda Ruslanbek Jiyanov kiritilgan. O‘FA Jaloliddin Masharipovga tezroq sog‘ayib, maydonga qaytishini tilab qolgan.
Source: podrobno.uz