Prezident Shavkat Mirziyoyev beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida 2026-yil yakuniga kelib O‘zbekiston iqtisodiyoti hajmi 180 mlrd dollardan oshishi kutilayotganini ma’lum qildi.
Davlat rahbari jahon iqtisodiyoti va global kapital xaritasi keskin o‘zgarayotgan, savdo ziddiyatlari avj olayotgan sharoitda investorlar huquq va erkinliklari ishonchli himoya qilinadigan, iqtisodiyoti jadal o‘sayotgan davlatlarga sarmoya kiritishga intilishini ta’kidladi. Shu nuqtai nazardan O‘zbekistonda investitsiya muhitini tubdan yaxshilash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Prezident o‘tgan yili YAIM 7,7 foizga o‘sgani, iqtisodiyotga 43 mlrd dollar investitsiya jalb qilingani, xalqaro zaxiralar hajmi 70 mlrd dollardan oshgani va milliy valyuta mustahkamlanganini eslatib o‘tdi.
“Ko‘pchilikning yodida, biz to‘rt yil avval bo‘lib o‘tgan ilk forumda 2026-yil yakuniga kelib, O‘zbekistonning YAIMini 100 mlrd dollarga yetkazishni maqsad qilgan edik. Jadal sur’atlarda o‘sib borayotgan iqtisodiyotimiz bu yil 180 mlrd dollardan oshishi kutilmoqda”, — dedi davlat rahbari.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston YAIM 7,7 foizga o‘sib, 1 849,7 trln so‘mni tashkil etgandi. Iqtisodiyot hajmi dollar hisobida 147 mlrd dollardan oshdi.
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning taxminiy hisob-kitoblariga ko‘ra, 2018-yildan keyingi o‘rtacha 13,3 foizlik o‘sish bilan 2041-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti hajmi 1 trln dollarga yetishi mumkin. 2021-yildan keyingi o‘rtacha 16 foizlik o‘sish bilan esa 2038-yildayoq 1 trln dollarlik chegaradan o‘tadi.
Source: www.gazeta.uz