Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro va jamoa sardori Eldor Shomurodov Jahon chempionatidagi ilk o‘yin oldidan Mexikoda matbuot anjumani o‘tkazdi.

Kannavaro terma jamoaning ilk bor mundialda ishtirok etayotganini ta’kidlab, barcha futbolchilar ertangi o‘yinga tayyor ekanini bildirdi. “O‘zbekiston biz bilan faxrlanishi uchun borimizni berib o‘ynaymiz. O‘yin qiyin bo‘ladi, maydonga yaxshi jamoa, yaxshi o‘yinchilarga qarshi tushamiz”, dedi u.

Italiyalik murabbiy ilk o‘yinning afsonaviy “Asteka” stadionida o‘tishidan mamnunligini izhor qildi. “Men bu stadionda avval ham bo‘lganman, Maradona shu yerda o‘zining eng yorqin gollarini urgan. Biz ham ilk o‘yinimizni ushbu tarixiy stadionda o‘tkazayotganimizdan juda xursandmiz”, dedi Kannavaro.

Guruhdagi raqiblar haqida gapirar ekan, Kannavaro ular yuqori saviyadagi o‘yin ko‘rsatishini qayd etdi. “Ularning tarkibida kuchli o‘yinchilar bor. Biz ularga qarshi ehtiyotkorlik bilan o‘ynaymiz”, dedi u.

Murabbiy Kolumbiya o‘yinini tahlil qilganini aytib, “Ular oxirgi soniyalargacha o‘ynaydi. Ammo biz ham o‘z imkoniyatlarimizni namoyish etish uchun maydonga tushamiz”, dedi.

Himoyachi Abduqodir Husanov haqida Kannavaro uni jamoa himoyasidagi eng muhim o‘yinchilardan biri deb atadi. “U yanada yuqori darajaga chiqa oladi. Hozir ham u yuqori saviyadagi o‘yinlarni namoyish etyapti”, dedi murabbiy. Kannavaro Husanov o‘z atrofidagi e’tiborni tushunib turganini va vaziyat hamda bosimni nazorat qila oladigan darajada aqlli ekanini qayd etdi.

Jaloliddin Masharipovning tarkibdan chetlatilishiga kelsak, italiyalik murabbiy uning so‘nggi 8 oyda atigi 20 daqiqa o‘ynaganini va tarkibdan chetlatish qarori tizzasidagi muammo tufayli emas, balki boshqa jarohat sababli qabul qilinganini aytdi. “Biz katta tavakkal qilmaslikka qaror qildik. Afsuski, ajoyib bir o‘yinchimizni yo‘qotdik”, dedi u.

Abbosbek Fayzullayevning mashg‘ulotlar yuklamasi og‘irligi haqidagi so‘zlariga izoh berar ekan, Kannavaro: “Agar nimagadir erishmoqchi bo‘lsangiz, qiyinchiliklardan o‘tishingiz va buni hammaga isbotlashingiz kerak. Mashg‘ulotlarda qiyinchiliklar bo‘lishi tabiiy hol”, dedi.

Jurnalistlarning Jahon chempionatlaridagi tajribasi bilan o‘yinchilarga qanday o‘rtoqlashayotgani haqidagi savoliga u har bir turnir bir-biridan farq qilishini ta’kidladi. “Men Jahon chempionligini qo‘lga kiritganman, turnirda o‘yinchi sifatida 4 marta qatnashganman, ularning har biri avvalgisidan farq qilgan. Men bosimni olib tashlashga harakat qilyapman. Biz murakkab bosqichdamiz: Kolumbiya, Portugaliya va Kongo DRga qarshi o‘yin. Men o‘yinchilarga o‘yindan zavqlanish kerakligini, yo‘qotadigan narsamiz yo‘qligini tushuntiryapman. Biz odamlarga o‘zbek futboli kelajakda qanday rivojlanishni istayotganini ko‘rsatishimiz kerak”, dedi u.

“Biz bu turnirda ilk bor qatnashyapmiz, shunday ekan, uning har bir uchrashuvidan zavq olib, tajriba orttirishimiz kerak”, deya qo‘shimcha qildi murabbiy.

Terma jamoa sardori Eldor Shomurodov jamoadagi kayfiyat haqida gapirar ekan, barcha o‘yinchilar a’lo kayfiyatda ekanini ta’kidladi. “Jahon chempionatida ilk bor o‘ynayapmiz. Hayajon bor, lekin hech qanday bosim yo‘q. Barcha o‘yinchilarimiz bu o‘yinni intiqlik bilan kutyapti”, dedi u.

Fabio Kannavaro bilan ishlash haqida Shomurodov murabbiy ularni yangicha tezlikka tayyorlaganini qayd etdi. “U bizga Jahon chempionatida g‘alaba qozonish uchun faqat taktikaga tayanib qolish yetarli emasligini, bu yerda butun yurakdan jamoalar g‘alaba qozonishini aytadi”, dedi hujumchi.

Shomurodov terma jamoani sardor sifatida maydonga olib chiqish katta g‘urur ekanini aytib, “Umid qilamanki, ertaga ijobiy natija ko‘rsatamiz. Xalqimizdan esa bizni qo‘llab-quvvatlashlarini so‘rab qolaman. Bizda bosim yo‘q, ertaga soat 20:00 da (Mexiko vaqti bilan) jamoa bilan 110 foizga tayyor bo‘lamiz”, deya qo‘shimcha qildi.

O‘zbekiston terma jamoasining Kolumbiyaga qarshi o‘yini 18-iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 07:00 da boshlanadi.

Source: www.gazeta.uz