O‘zbekistonda ta’lim sohasi ko‘p tanqid va muhokamalarga sabab bo‘lmoqda, ammo uning asosiy maqsadi — nima uchun ta’lim beriladi, degan falsafiy savollar ko‘pincha chetda qoladi. Shu bo‘shliqni to‘ldirish maqsadida Gazeta yangi podkastlar seriyasini boshladi. Birinchi son ta’lim falsafasiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda ekspertlar ta’limning mohiyati, maqsadi va jamiyatdagi o‘rni haqida fikr yuritdi.
Podkastda ta’lim masalalari eksperti Komil Jalilov, siyosatshunos va pedagog Hamid Sodiq, hamda Olmazor tumani 243-maktab direktori Ziroatxon Komilova ishtirok etdi. Komil Jalilov ushbu seriyaning doimiy mehmoni sifatida ta’lim falsafasining asosiy savollariga javob berdi: “Ta’lim falsafasi — bu juda qiziq, ammo kam e’tibor beriladigan mavzu. O‘zbek tilidagi manbalar deyarli yo‘q. Aslida ta’lim jarayoni uchta komponentdan iborat: o‘quv dasturlari (nimani o‘qitamiz), metodika (qanday o‘qitamiz) va baholash (maqsadga erishdikmi). Uchala komponent uyg‘un ishlashi kerak, aks holda tizim tanazzulga uchraydi. Ta’lim falsafasi esa ‘nima uchun?’ degan savolni beradi — biz bolalarni nima maqsadda o‘qitamiz, ular qanday inson bo‘lib chiqishi kerak?”
Hamid Sodiq ta’lim falsafasining ijtimoiy ahamiyatiga to‘xtalib, avlodlar o‘rtasidagi ziddiyatni bartaraf etish vazifasini ta’kidladi: “Ta’limning fundamental vazifasi — katta va kichik avlod o‘rtasidagi ziddiyatni yo‘q qilish. Katta avlod tajriba va bilimga ega, kichik avlod esa energiyaga to‘la. Agar ular o‘rtasida kavsharlash bo‘lmasa, jamiyatda nizo kelib chiqadi. Hozirgi zamonaviy ta’limda bu muvozanat buzilmoqda: o‘qituvchining bilimi o‘quvchidan kam bo‘lib qolmoqda, masalan, ingliz tili o‘qituvchisining IELTS balli 6, o‘quvchining esa 7. Natijada kichik avlod katta avlodni tan olmayapti.”
Ziroatxon Komilova maktab direktori sifatida amaliy tajribasini o‘rtoqlashdi: “Eng katta qarorlar ham yakuniy ijrosi o‘qituvchi va bola munosabatiga bog‘liq. Men uchburchak modelini taklif qilaman: ota-ona, farzand, ustoz. Agar bu uchburchak to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, natijaga erishamiz. Bilimdan oldin ko‘nikma berish kerak. Har bir hududning o‘ziga xos qadriyatlari bor, bu o‘qituvchiga bosim yuklaydi. 30 ta bola bo‘lsa, 30 xil uchburchak yasash kerak. Afsuski, ota-onalar ba’zan bu rishtani buzadi: ‘Ustozing gapiraveradi, repetitorga bor’ degan fikrlar mavjud. Maktabda bepul ta’lim qadrsizlanmoqda, repetitorlikka pul to‘lanadi. Natijada o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi bog‘liqlik zaiflashadi.”
Podkastda ta’lim falsafasining turli yo‘nalishlari ham muhokama qilindi. Komil Jalilovning so‘zlariga ko‘ra, G‘arbda tizimlashtirilgan falsafiy yondashuvlar mavjud: “Ba’zi falsafalar inson jamiyatdagi status-kvoni saqlashga xizmat qilishi kerak desa, boshqalari jamiyatni yaxshilash va qayta qurishga chaqiradi. Perennializm kabi oqimlar bor. Ta’lim falsafasi markazda kim turishi — o‘qituvchi yoki o‘quvchi, bilim qanday olinishi kabi savollarga javob beradi.”
Loyihaning birinchi soni ta’lim falsafasining dolzarbligini ko‘rsatdi. Ekspertlar ta’lim tizimini isloh qilishda falsafiy asoslarni hisobga olish zarurligini ta’kidladi. Podkastni to‘liq Gazeta YouTube kanalida tomosha qilish mumkin.
Source: www.gazeta.uz