Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston terma jamoasining Jahon chempionatidagi Kolumbiyaga qarshi ilk o‘yinidan (1:3) so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi. Bu haqdagi video Prezident matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

“O‘zbekiston uchun tarixiy kun. Murosasiz, juda qizg‘in kechgan o‘yinda futbolchilarimiz jahon mundialida birinchi marta juda katta tajribali jamoaga qarshi o‘zining kuchli xarakterini ko‘rsatdi. Oson emas, 34 yilda birinchi marta biz kutgan voqea bo‘ldi. Shuning uchun kuchli xarakteri, jismoniy tayyorgarligi va irodasini yaqqol namoyon etdi desak, bu ham to‘g‘ri. Biz uchun chempionatdagi birinchi golimiz — bu ham g‘alaba”, — dedi prezident.

Davlat rahbari vatanparvar va fidoiy yoshlar bilan faxrlanishi va ular hozirgi O‘zbekistonning haqiqiy qahramonlari ekanini qayd etdi.

“Hali oldimizda juda ko‘p imkoniyatlar borligini ko‘rdinglar. Farzandlarim, qahramonlarim ko‘p narsaga qodir ekanliklarini ham bildirdi. Shuning uchun faqat omad tilaymiz. Olg‘a, O‘zbekiston”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Jahon chempionati guruh bosqichining ilk turida Kolumbiyaga 3:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi. O‘zbekistonning mundialdagi ilk golini Abbosbek Fayzullayev kiritdi.

O‘zbekiston terma jamoasi navbatdagi uchrashuvni 23-iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da Portugaliyaga qarshi o‘tkazadi.

Source: www.gazeta.uz