Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Jahon banki O‘zbekistonga Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (XTA) orqali 150 million dollar miqdorida imtiyozli moliyalashtirish ajratilishini ma’qulladi. Bu mablag‘lar “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” dasturining ikkinchi bosqichiga yo‘naltiriladi.

Bank matbuot xizmati xabariga ko‘ra, dastur mamlakatning oltita viloyatidagi qishloq hududlarida jamoat infratuzilmasi va xizmatlar sifatini yaxshilashga xizmat qiladi. O‘zbekistonning 38 millionlik aholisidan qariyb yarmi qishloq joylarda istiqomat qiladi, biroq ko‘plab qishloqlar hanuzgacha sifatli yo‘llar, maktablar, tibbiyot muassasalari, suv va elektr ta’minotidan foydalanishda ishonchli imkoniyatga ega emas.

Ushbu kamchiliklar mahalliy ishbilarmonlik muhiti, tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratishni cheklab qo‘ymoqda. Muammolarni hal etish uchun O‘zbekiston hukumati 2019-yilda Jahon banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) ko‘magida dasturni boshlagan edi.

Dasturning birinchi bosqichi 2026-yil iyunida yakunlanadi. Uning doirasida Andijon, Farg‘ona, Namangan, Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridagi 306 ta mahallada 900 dan ortiq subloyihalar moliyalashtirildi. Bunga 340 dan ortiq yo‘llar, 220 ta elektr ta’minoti tizimi, 160 ta suv ta’minoti tizimi, 100 ga yaqin maktab, 40 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti va 10 ta ko‘prikni qurish yoki modernizatsiya qilish kiradi.

Bankning ta’kidlashicha, ushbu yaxshilanishlar umumiy hisobda 1 millionga yaqin qishloq aholisiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri foyda keltirdi, ularning yarmini xotin-qizlar tashkil etdi. Subloyihalarni tanlab olish va nazorat qilish mahalliy aholi tomonidan, mahallani rivojlantirish guruhlari orqali amalga oshiriladi. Bunday guruhlar ishtirokchilarining kamida 50 foizini ayollar tashkil etadi.

Dasturning ikkinchi bosqichining umumiy budjeti 340 million dollarni tashkil etadi. U Jahon banki (150 mln dollar), OIIB (120 mln dollar) va O‘zbekiston hukumati (70 mln dollar) tomonidan moliyalashtiriladi. Dastur Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Andijon, Farg‘ona, Namangan, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi 296 ta mahallada amalga oshiriladi.

Mablag‘lar aniq natijalarga erishilishiga qarab transhlar shaklida ajratiladi. Dastur 2031-yilga borib transport infratuzilmasi, ichimlik suvi va elektr ta’minoti tarmoqlari hamda boshqa obyektlarni rivojlantirishga kiritiladigan investitsiyalar hisobiga oltita viloyat mahallalarida jamoat infratuzilmasi va xizmatlar sifatini yaxshilashga xizmat qilishi kutilmoqda. Bu o‘zgarishlardan qariyb 1,2 million qishloq aholisi, jumladan 600 ming ayollar va 300 ming yoshlar naf ko‘radi.

Bundan tashqari, 15 ta pilot mahallada biznesni rivojlantirish markazlari tashkil etiladi. Ular qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va kichik ishlab chiqarish sohalarida faoliyat yuritayotgan mahalliy tadbirkorlarga moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, ishbilarmonlik ko‘nikmalarini rivojlantirish va mahsulotlarini sotish bozorlarini diversifikatsiya qilishda ko‘maklashadi.

Natijada 1500 ga yaqin to‘g‘ridan-to‘g‘ri ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda. Jahon bankining moliyaviy ishtirokida qishloq xo‘jaligi va mikro, kichik va o‘rta korxonalarni rivojlantirishga qaratilgan boshqa loyihalar bilan bir qatorda, ushbu dastur loyiha amalga oshiriladigan hududlardagi mahallalarda yana 25 mingga yaqin yangi va yuqori haq to‘lanadigan ish o‘rinlari yaratilishiga qo‘shimcha turtki bo‘ladi.

Source: www.gazeta.uz