Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Payshanba tongida poytaxtning bir qancha hududlarida futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining Kolumbiyaga qarshi o‘tgan Jahon chempionatidagi ilk o‘yini katta ekranlarda jonli namoyish etildi.

Soat 07:00 bo‘lishiga qaramay, shahar aholisi milliy jamoani qo‘llab-quvvatlash uchun maydon va bog‘larga oqib keldi. Birinchi taym yakunlanishi arafasida boshlangan kuchli yomg‘ir ham muxlislarning shashtini qaytara olmadi.

Gazeta Toshkentning to‘rt nuqtasida bo‘lib, tarixiy vaziyatni kuzatgan muxlislarning hayajonli lahzalarini kadrlarga muhrladi.

Ichki ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari Rustam Mirzayev va Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqov ham muxlislar orasida edi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi guruh bosqichidagi navbatdagi o‘yinini Portugaliyaga qarshi 23-iyun soat 22:00 da, Kongo DR bilan esa 28-iyun soat 04:30 da o‘tkazadi.

Toshkent shahri hokimligi uchrashuvlar namoyish etiladigan katta ekranlar qayerlarda o‘rnatilishini ma’lum qilgan. Katta ekranlar poytaxtning har bir tumanida bittadan va “Bunyodkor” stadionida tashkil etiladi.

Shuningdek, O‘zbekistonning 208 ta tuman va shaharlaridagi maktablarda ham “Muxlislar maydoni” tashkil etiladi. U yerda o‘quvchilar, ota-onalar va boshqa muxlislar milliy terma jamoa ishtirokidagi o‘yinlarni katta ekranlarda jonli efirda tomosha qilishlari mumkin bo‘ladi.

Source: www.gazeta.uz