Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

May oyida O‘zbekistonda aholi tomonidan sezilgan inflyatsiya ko‘rsatkichi 0,8 foiz bandga pasayib, 10,3 foizni tashkil etdi. Bu Markaziy bankning aholi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga asoslangan sharhida qayd etilgan.

Hududlar kesimida eng yuqori sezilgan inflyatsiya Farg‘ona viloyatida kuzatildi — 12,2 foiz, eng past ko‘rsatkich esa Navoiy viloyatida — 7,9 foiz.

Aholining turli guruhlari orasida eng yuqori sezilgan inflyatsiya pensionerlar tomonidan qayd etilgan (13 foiz), eng past ko‘rsatkich esa talabalar (8,9 foiz) tomonidan bildirilgan.

Daromad darajasiga ko‘ra, daromadi 4 million so‘mdan yuqori bo‘lgan aholi orasida sezilgan inflyatsiya respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lgan. Daromadi 30 million so‘mdan yuqori bo‘lgan guruhda inflyatsiya 13,5 foizgacha, 20-30 million so‘m oralig‘idagilarda esa 12,4 foizgacha pasaygan (aprelda mos ravishda 14,7 va 14,1 foiz edi).

7-20 million so‘m daromad egalari orasida sezilgan inflyatsiya o‘tgan oyga nisbatan biroz oshgan. 7 million so‘mgacha daromad egalarida esa pasayish kuzatilgan. Eng kam daromadli (2 million so‘mgacha) guruhda inflyatsiya nisbatan yuqori shakllanmoqda.

Respondentlarning fikricha, may oyida asosiy turdagi tovar va xizmatlarning aksariyati arzonlashgan. Go‘sht va sut mahsulotlari qimmatlashganini qayd etganlar ulushi 56 foizdan 54 foizga kamaygan. Shuningdek, tibbiy xizmatlar, dori-darmon, qurilish mollari, kafe-restoran xizmatlari va o‘simlik yog‘i narxlari arzonlashgan.

Ayni paytda benzin va yoqilg‘i, shakar va qandolat mahsulotlari qimmatlashgani aholiga eng ko‘p sezilgan.

Source: www.gazeta.uz