Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

18-iyun kuni Jizzax viloyati Zomin va Baxmal tumanlarining tog‘li hududlarida kuchli yog‘ingarchilik natijasida sel oqimlari yuzaga keldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.

O‘zgidrometning Baxmal agrometeorologiya stansiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 5 soat 30 daqiqa davomida 13,8 mm yog‘in tushgan. Soat 20:20 dan boshlab G‘allaorol-Baxmal avtomobil yo‘lidan 2-3 metr kub hajmdagi sel oqimi o‘tgan.

Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti xabariga ko‘ra, voqea joyiga IIO, FVB, Milliy gvardiya, hokimlik va boshqa idoralar xodimlari yetib borgan. Sel Baxmal tumanidagi Jo‘m-Jo‘m qishlog‘i hududidan o‘tib, “Jo‘m-Jo‘msoy” dam olish maskani va Nushkent mahallasiga yetib borgan.

32 nafar dam oluvchi tezkor evakuatsiya qilingan. Halok bo‘lganlar va jarohat olganlar yo‘q. Turar joylar, uy hayvonlari va binolarga zarar yetmagan.

Biroq dam olish maskaniga olib boruvchi ko‘prik qisman shikastlangan. Sel oqimida qolgan ikkita Damas va Gentra avtomobili zarar ko‘rgan. Hozirda oqibatlar to‘liq bartaraf etilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zgidromet 20-22-iyun kunlari ham bir qancha tumanlarda sel-suv toshqini xavfi borligini ogohlantirgan edi.

Source: www.gazeta.uz