Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda Seven jade nomli yangi moliyaviy piramida faoliyat ko‘rsatmoqda. Firibgarlar o‘z qonuniyligini isbotlash uchun MChJ ro‘yxatdan o‘tkazilganligi va QQS to‘lovchisi guvohnomasini namoyish etmoqda. Tashkilotchi, taxminan, Xitoy fuqarosi ekanligi aytilmoqda.

2026-yil 20-yanvarda “Seven jade manufacturing” MChJ O‘zbekiston davlat organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Yagona ta’sischisi Lin Nanzhou hisoblanadi. Kompaniya QQS to‘lovchisi guvohnomasini olgan. Ushbu ikki hujjat firibgarlar tomonidan asosiy dalil sifatida ishlatilmoqda.

“Biznes-reja”da bosh ofis Gonkongda joylashgani va u yerda qayta ishlash korxonasi mavjudligi ko‘rsatilgan. Biroq internetda Gonkongdagi kompaniya va Lin Nanzhou haqida hech qanday ma’lumot topilmadi. Biznes-reja, aftidan, sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan.

Seven jade Telegram-kanalida o‘zini xalqaro zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchisi sifatida ko‘rsatadi. Tarmoq butun dunyoni qamrab olgani va O‘zbekistonda yangi zavodlar qurilayotgani da’vo qilinmoqda. “Uch tomonlama foyda” modeli bilan ishlayotgani aytiladi.

Hamkor bo‘lish uchun investitsiya kiritish talab qilinadi – bu moliyaviy piramidaning asosiy belgisidir. Shuningdek, yangi ishtirokchilarni jalb qilish uchun daromad va’da qilinadi.

Seven jade platformasida zargarlik buyumlari niqobi ostida “paketlar” taqdim etilgan. Masalan, 200 ming so‘mlik “Azure glow” bilaguzuk kuniga 10 ming so‘m (oyiga 300 ming so‘m) va’da qiladi. 600 ming so‘mlik “Vintage amethyst” bilaguzuk esa kuniga 30 ming so‘m (oyiga 900 ming so‘m) beradi.

Pul mablag‘lari P2P orqali Lazokat Nasriddinova nomiga ochilgan bank kartasiga o‘tkaziladi. Dunyo bo‘ylab zavodlari bor da’vo qilinayotgan kompaniya pulni jismoniy shaxslarga P2P orqali yig‘ishi shubha uyg‘otadi.

Ro‘yxatda ko‘rsatilgan ofis manzili – Shota Rustaveli ko‘chasi, 104. Shu manzilga “qo‘llab-quvvatlash xodimi” mijozlarga geolokatsiya yuborib, “hamma narsa qonuniy” deb ishontirgan.

Seven jade sxemasi “Golden cash” tarixini eslatadi. O‘shanda ukrainalik Maksim Muntyan “Golden cash store” MChJni ro‘yxatdan o‘tkazib, soat va zargarlik buyumlari savdosi niqobi ostida moliyaviy piramida tashkil qilgan. 10 oy ichida 2 mingdan ortiq o‘zbekistonlikdan 6 million dollar yig‘ilgan.

Jinoyat kodeksining 188-1-moddasiga ko‘ra, pul mablag‘lari va mulkni noqonuniy jalb qilish jinoiy javobgarlikka tortiladi va 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Ushbu modda bo‘yicha jinoyat ishini qo‘zg‘atish uchun jabrlanuvchining arizasi talab qilinmaydi.

Source: kun.uz