Turkiya terma jamoasi Jahon chempionati — 2026ning ikkinchi turida Paragvayga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berdi va D guruhidan chiqish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi.
52 yoshli italiyalik murabbiy Vinchentso Montella boshchiligidagi jamoa turnirda ketma-ket ikkinchi mag‘lubiyatga uchradi va guruh bosqichi tugashiga bir tur qolganida to‘rtinchi o‘rinni egalladi.
Uchrashuv Turkiya terma jamoasi uchun erta o‘tkazilgan gol bilan boshlandi. 24 yoshli Paragvay yarim himoyachisi Matias Galarsa 2-daqiqada jarima maydonchasi tashqarisidan chap pastki burchakka zarba berib, hisobni ochdi.
Keyingi daqiqalarda Montella shogirdlari to‘pni ko‘proq ushlab turdi, ammo jarima maydonchasida xavfli vaziyatlar yaratishda qiynaldi. Uzoq masofadan zarbalar bloklandi yoki darvozadan o‘tib ketdi.
Paragvayning o‘yinchisi chetlatilishi ham yordam bermadi. Birinchi bo‘lim qo‘shib berilgan vaqtida 32 yoshli Migel Almironga qizil kartochka ko‘rsatildi — bu Jahon chempionatlari tarixida birinchi marta raqib bilan suhbatda og‘zini qo‘l bilan yopgani uchun berilgan chetlatish bo‘ldi.
Ikkinchi bo‘limda son jihatdan ustunlikka qaramay, Turkiya hisobni tenglashtira olmadi. Yevropaning yetakchi klublarida o‘ynaydigan futbolchilardan tashkil topgan jamoa 32 marta zarba berdi, ammo hech biri golga aylanmadi.
Paragvay uch ochko to‘pladi va guruhda ikkinchi o‘rin uchun Avstraliya bilan kurashni davom ettiradi. AQSh terma jamoasi birinchi o‘rinni muddatidan oldin ta’minladi, Turkiya esa pley-offga chiqish imkoniyatini yo‘qotdi.
Source: kun.uz