Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 18-iyun kuni avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalari va gaz to‘ldirish obyektlarida avariya va baxtsiz hodisalarning oldini olish bo‘yicha qaror qabul qildi. Hujjatda mamlakat bo‘ylab 6196 ta yonilg‘i quyish shoxobchasi va gaz ballonlarini to‘ldirish stansiyalari xatlovdan o‘tkazilgani qayd etilgan.

Xatlov natijalariga ko‘ra, jami 46 737 ta qoidabuzarlik va kamchilik aniqlangan. Shundan 2 218 tasi qurilish, 7 949 tasi yong‘in xavfsizligi, 25 341 tasi sanoat va texnika xavfsizligi, 3 354 tasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, 7 875 tasi esa texnologik jarayonlarga rioya etish bilan bog‘liq. 7 166 ta kamchilik joyida bartaraf etilgan bo‘lsa, 464 ta shoxobcha faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.

Hukumat tomonidan yonilg‘i quyish shoxobchalari va gaz to‘ldirish obyektlari uchun yong‘in xavfsizligi, texnologik jarayonlar, sanoat xavfsizligi, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha minimal talablar tasdiqlangan. Ushbu talablar qatoriga qabul qilish dalolatnomalari, litsenziyalar, texnik pasportlar, soz holatdagi yong‘in o‘chirish vositalari, qiyoslovdan o‘tkazilgan o‘lchash asboblari, xodimlarning malakasini tasdiqlovchi hujjatlar, gaz sizib chiqishi va atrof-muhit ifloslanishining oldini olish tizimlari kiradi.

Shuningdek, tabiiy gaz sotuvini hisobga olishning avtomatlashtirilgan “U-Gas” tizimi joriy etilgan. Tizimda 1553 ta gaz to‘ldirish kompressor stansiyasi ro‘yxatga olingan, 1489 tasi bilan shartnoma tuzilgan, 1459 ta stansiyada esa tizim muvaffaqiyatli ishlamoqda. Bu hisob-kitoblarni onlayn kuzatish imkonini beradi.

2026-yil 1-sentabrdan boshlab barcha yonilg‘i quyish shoxobchalari va gaz to‘ldirish obyektlarida xizmat muddati o‘tgan yoki ishlab chiqarilgan sanasi aniqlanmagan ortiqcha bosim ostida ishlaydigan uskunalardan foydalanish cheklanadi. Cheklov 2030-yil 1-yanvargacha amalda bo‘ladi.

2026-yil 1-sentabrgacha Ichki ishlar vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda avtomobillarga o‘rnatilgan gaz ballonlarining texnik ko‘rikdan o‘tganiga oid “Eco Himoya” platformasi ma’lumotlarini U-Gas tizimi bilan integratsiya qilishi kerak. Bu gaz quyish vaqtida ballon uskunasining texnik holatini tekshirish imkonini beradi.

2027-yil 1-sentabrgacha yonilg‘i quyish shoxobchalari va gaz to‘ldirish obyektlarining maxsus kurslarni tamomlagan va xavfli ishlab chiqarish obyektlarida ishlash uchun ruxsat beruvchi sertifikatlarga ega bo‘lgan muhandis-texnik xodimlari faoliyatini monitoring qilish tizimi yaratilishi lozim. 2027-yil 1-yanvardan boshlab tegishli sertifikatlarga ega bo‘lmagan mutaxassislar bilan ishlaydigan obyektlar faoliyati qoidabuzarliklar bartaraf etilgunga qadar to‘xtatib turiladi.

Hokimliklar va profilli idoralar yonilg‘i quyish shoxobchalari va gaz to‘ldirish obyektlarining muhofaza zonasi doirasida ushbu obyektlar faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa obyektlarni qurish uchun yer uchastkalari ajratilishiga yo‘l qo‘ymasligi shart. 2026-yil 1-sentabrgacha xavfsizlik talablari, shaharsozlik normalari va ekologiya qoidalarini buzgan holda joylashgan hamda odamlar hayotiga tahdid solayotgan obyektlarning reyestri shakllantiriladi.

Eslatib o‘tamiz, 8-iyun kuni Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanidagi maishiy gaz ballonlarini to‘ldirish shoxobchasida portlash sodir bo‘lib, 6 kishi halok bo‘lgan, 5 kishi jarohat olgan edi. 2024-yil dekabr oyida Farg‘onada Petrolium yonilg‘i quyish shoxobchasidagi portlashda 4 kishi hayotdan ko‘z yumgan edi.

Source: www.gazeta.uz