Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Britaniyaning BP kompaniyasi Ustyurt platosining shimoli-sharqiy qismida neft va gaz topishga umid qilmoqda. Bu haqda kompaniyaning biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Maykl Fidler Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, BP loyiha operatori sifatida ishtirok etayotgan Ozarbayjonning davlat neft kompaniyasi — SOCAR, shuningdek, “O‘zbekneftgaz” bilan yaqin hamkorlik qilmoqda. “Men chin dildan bu yerda ko‘p neft va gaz topishimizga umid qilaman. Prezident janoblarining taklifiga binoan, biz Ozarbayjonning davlat neft kompaniyasi — SOCAR bilan yaqin hamkorlik qilyapmiz. Ular operator hisoblanadi. Biz esa Ustyurt platosining shimoli-sharqiy qismida geologiya-qidiruv ishlariga rahbarlik qilyapmiz. Shuningdek, „O‘zbekneftgaz“ bilan ham juda yaqin ishlayapmiz”, — dedi u.

Maykl Fidler BP hozircha O‘zbekistonda yangi ishtirokchi ekanini, biroq mintaqada katta tajribaga ega ekanini ta’kidladi. “Ozarbayjonda biz SOCAR bilan 30 yildan buyon ishlab kelyapmiz va dunyodagi eng yirik ikki konni — bitta neft va bitta gaz konini o‘zlashtirdik. Ular haqiqatan ham dunyodagi eng yirik konlar qatoriga kiradi”, — dedi BP vakili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya endigina O‘zbekistonga sarmoya kiritishni boshlamoqda, shuning uchun hozircha loyihaning tijorat tafsilotlarini oshkor qilmayapti. “Biroq biz katta mablag‘ sarmoya qilyapmiz va barchasi seysmik tadqiqotlardan boshlanadi. Operator SOCAR bilan birgalikda biz 3000 kv km maydonda seysmik tasvirga olish ishlarini o‘tkazdik. Bu dastlabki sarmoyadir. Shundan so‘ng u yerda neft va gaz bor-yo‘qligi o‘rganiladi. Keyin burg‘ilash ishlari amalga oshiriladi. Burg‘ilash esa yanada katta mablag‘larni talab qiladi. Biz neft va gaz topishga umid qilamiz. Ana shunda katta pullar haqida gapiramiz”, — dedi u.

15-iyun kuni “O‘zbekneftgaz” kompaniya boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginovning BP biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Maykl Fidler bilan uchrashuvi haqida xabar qilgan edi. Uchrashuvda tomonlar mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi bitim doirasida Ustyurt mintaqasidagi qo‘shma loyihalarning joriy holati va istiqbollarini muhokama qildi. Geologiya-qidiruv ishlarining borishi, geofizik ma’lumotlarni talqin qilishni tezlashtirish, shuningdek, 2026-yil oxirigacha quduqlarni burg‘ilashni boshlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

2025-yil 24-iyul kuni O‘zbekiston Energetika vazirligi, Ozarbayjon Davlat neft kompaniyasi (SOCAR) va “O‘zbekneftgaz” o‘rtasida mahsulot taqsimotiga oid bitim imzolandi. Hujjat Ustyurt neft-gaz mintaqasida geologik qidiruv ishlarini olib borish va keyinchalik uglevodorodlarni qazib olishni ko‘zda tutadi. Hujjatga ko‘ra, qidiruv va kuzatuv ishlarini, shuningdek, kamida bitta qidiruv qudug‘ini burg‘ilashni besh yil ichida yakunlash ko‘zda tutilgan. Bu davrda SOCAR operator sifatida ishlaydi.

Bitim Qoraqalpog‘istonning Ustyurt hududida joylashgan Boyterak, Terengquduq, Birqori, Haroy, Qoraqalpoq va Qulboy bloklarini qamrab oladi. Loyiha “O‘zbekneftgaz” va SOCAR bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. BP mahsulot taqsimotiga oid bitimda umumiy 40 foiz ishtirok ulushini qo‘lga kiritdi — kompaniya amaldagi hamkorlar bo‘lgan SOCAR va “O‘zbekneftgaz”ning har biridan 20 foizdan ulush oldi. BP qo‘shilganidan keyin bitimdagi ulushlar quyidagicha taqsimlandi: BP — 40%, “O‘zbekneftgaz” — 30% va operator maqomiga ega SOCAR — 30%.

Ustyurtda konlar ochilganidan keyin ham ular O‘zbekiston mulki bo‘lib qoladi, bitim doirasida esa faqat qazib olinadigan mahsulot taqsimlanadi, dedi “O‘zbekneftgaz” bosh geologi Nodir Muhiddinov. Uning so‘zlariga ko‘ra, bitimda mamlakatning iqtisodiy manfaatlari “yaxshi himoya qilingan”. “O‘zbekiston 24” telekanali xabariga ko‘ra, loyiha doirasida 100 million tonna neft va 35 milliard kub metr tabiiy gaz zaxiralari aniqlanishi kutilmoqda. Mutaxassislar fikricha, gap “neftning ulkan zaxiralariga ega yirik kon topilishi ehtimoli” haqida bormoqda.

Mahsulot taqsimotiga oid bitim — xorijiy investorga foydali qazilmalarni qazib olish huquqini beruvchi shartnoma bo‘lib, unga ko‘ra qazib olingan mahsulotning bir qismi investorda qoladi, qolgan qismi esa davlatga o‘tadi. MTB sanoat miqyosida ekspluatatsiya jarayonida tomonlar xarajatlarni qoplagandan keyin qazib olingan neft yoki gazning qancha ulushini olishini belgilaydi.

Source: www.gazeta.uz