Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Surxondaryo viloyatining Muzrabot tumani hokimi Abdulla Mamatqulovga nisbatan hayfsan intizomiy jazo chorasi qo‘llandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot kotibi Sherzod Saparov ma’lum qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda hokimning fermerlar bilan qo‘pol ohangda gaplashib, ularni so‘kkani aks etgan audio tarqalgan edi. Audioda hokimning “Yopmasang, tiqib yuboraman… Ey, qo‘zichoq, yop, tushundingmi?” degan so‘zlari eshitiladi. Bu holatdan so‘ng viloyat hokimligi ishchi guruh tuzilgani va vaziyat viloyat rahbari nazoratiga olingani bildirilgan edi.

Agentlik o‘rganishlari davomida davlat xizmatchisining odob-axloq qoidalari talablariga zid xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan. Shu sababli idora vakolati doirasida Surxondaryo viloyati hokimligiga xizmat tekshiruvi o‘tkazish va holatga huquqiy baho berish bo‘yicha taqdimnoma kiritgan.

Taqdimnoma natijalariga ko‘ra, Muzrabot tumani hokimi Abdulla Mamatqulovga nisbatan hayfsan intizomiy jazo chorasi qo‘llangan. Qonunchilikka muvofiq, davlat fuqarolik xizmatchilari xizmat vazifalarini vijdonan bajarishi, davlat organlari va tashkilotlarining obro‘-e’tiboriga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishi, shuningdek, fuqarolar bilan munosabatlarda xushmuomalalik, hurmat va professionallik tamoyillariga qat’iy rioya etishi shart.

Antikorrupsiya agentligi davlat xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash va qonun buzilishi holatlariga nisbatan javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash ishlari izchil davom ettirilishini qo‘shimcha qildi.

Source: www.gazeta.uz