O‘zbekiston Respublikasi Bosh konsulxonasi diplomatlari Nesto Group kompaniyasining bosh ofisi kadrlar va ishga qabul qilish departamenti rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Kompaniya vakillari O‘zbekiston fuqarolarini ishga joylashtirishdan manfaatdorligini bildirdi va gipermarket hamda supermarketlar tarmog‘idagi bo‘sh ish o‘rinlarini taqdim etdi. Jumladan, savdo bo‘yicha maslahatchilar, kassirlar, merchandayserlar, bo‘lim xodimlari, ombor ishchilari va tovarlarni qabul qilish bo‘yicha mutaxassislar talab qilinmoqda.
O‘zbekistonliklar uchun tibbiy sug‘urta, ish vizasini rasmiylashtirish, yashash va transport xarajatlari qoplanadi. Ingliz tilini boshlang‘ich darajada bilish talab etiladi. Xodimlar uchun 50 kunlik tayyorgarlik kurslari tashkil etiladi.
Birinchi bosqichda 200 ga yaqin O‘zbekiston fuqarosini ishga qabul qilish rejalashtirilgan bo‘lib, keyinchalik vakanalar soni oshiriladi. 2026 yilda Yaqin Sharq mamlakatlaridagi tarmoq ehtiyoji 1500 nafar ishchini tashkil etadi, BAA, Saudiya Arabistoni, Ummon, Quvayt va Bahraynda ishlash imkoniyati mavjud.
Uchrashuv yakunida hamkorlikni davom ettirish, onlayn uchrashuvlar o‘tkazish va o‘zaro anglashuv memorandumini imzolashga tayyorlik bildirildi.
Source: uznews.uz