Prezidentning 23-iyun kuni qabul qilingan PF-115-sonli farmoniga ko‘ra, O‘zbekistonda ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdori 7 foizga oshiriladi. Bu qaror ijtimoiy himoyani kuchaytirish va aholi daromadlarini inflyatsiyadan himoya qilish maqsadida qabul qilingan.
Farmonga ko‘ra, ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqasining har oylik miqdori 2026-yil 1-sentabrdan boshlab 7 foizga oshiriladi. Shuningdek, budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalar miqdori ham 7 foizga ko‘tariladi.
2026-yil 1-iyuldan pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori oyiga 504 000 so‘m etib belgilandi. Bu avvalgi miqdorga nisbatan sezilarli o‘sishdir.
Eslatib o‘tamiz, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan 2026−2028-yillar uchun taqdim etilgan Budjetnomada kamida 2028-yilgacha O‘zbekistonda budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorlari yillik inflyatsiya darajasidan yuqori miqdorlarda oshirib borilishi aytilgandi.
Source: www.gazeta.uz