O‘zbekiston Migratsiya agentligi Germaniyada qurilish mutaxassislari, yuk mashinasi va avtobus haydovchilari uchun 140 ta bo‘sh ish o‘rnini e’lon qildi. Vakansiyalar Germaniyaning Askania Future GmbH rekruting kompaniyasi bilan hamkorlikda taklif etilmoqda.
Ish joyi Germaniyaning Muldeshtauze kommunasidagi Poux qishlog‘ida joylashgan. Nomzodlar ish beruvchi tomonidan onlayn suhbat asosida tanlab olinadi. Ish haqi soliqlar ushlab qolinganidan keyin oyiga 1800 dan 2500 yevrogacha bo‘lib, tajriba va profilga qarab belgilanadi.
Qurilish sohasi nomzodlari 21-45 yosh oralig‘ida, tegishli bakalavr darajasiga, kamida bir yillik ish tajribasiga va nemis tilidan A2 darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi shart. Ularning vazifalariga qurilish loyihalarini rejalashtirish, loyihalash va nazorat qilish, infratuzilma, yo‘llar, muhandislik tarmoqlari va binolar qurilishi kiradi.
Yuk mashinasi va avtobus haydovchilari uchun D, C yoki E toifali haydovchilik guvohnomasi va kamida bir yillik tajriba talab qilinadi. Vazifalari transport vositasini Germaniya va Yevropa Ittifoqi qoidalariga muvofiq boshqarish, texnik holatni nazorat qilish, yuklarni xavfsiz yetkazish va hujjatlarni rasmiylashtirishdir.
Ish beruvchi tanlovidan o‘tgan nomzodlar nemis tilini o‘rganishga yo‘naltiriladi. Ish tajribasiga ega, rus tilini biladigan va Kod-95 sertifikatiga ega haydovchilar uchun nemis tili majburiy emas.
Viza rasmiylashtirish xarajatlari taxminan 106 yevro, aviachipta esa 300 yevroni tashkil etadi. Ovqatlanish uchun oyiga 350 yevro, turar joy ijarasi uchun 250 yevro sarflanishi kutilmoqda. Ishga joylashgan nomzodlarning viza va aviachipta xarajatlari Migratsiya agentligi tomonidan kompensatsiya qilinadi.
Arizalar xorijdaish.uz platformasi orqali qabul qilinmoqda. Qo‘shimcha ma’lumot uchun 1282 qisqa raqami yoki 71-202-33-55 telefonining 502 ichki raqamiga murojaat qilish mumkin.
Source: www.gazeta.uz