Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

1-iyuldan boshlab Toshkentdagi TLScontact viza markazi Fransiyaga qisqa muddatli turistik viza olish uchun hujjat topshirishda navbatga yozilishning yangi tizimini joriy etadi. Bu haqda kompaniya rasman ma’lum qildi.

Yangi tartibga ko‘ra, ariza beruvchilar endi qabul sanasini mustaqil ravishda tanlay olmaydi va band qilolmaydi. U bo‘sh joylar mavjudligiga qarab avtomatik ravishda belgilanadi. Bu o‘zgarish faqat 90 kungacha bo‘lgan muddatga beriladigan qisqa muddatli turistik vizalar uchun amal qiladi. Vizalarning boshqa turlari uchun navbatga yozilish tizimi o‘zgarishsiz qoladi.

Navbat olish uchun ariza beruvchi TLScontact saytida ro‘yxatdan o‘tishi va ariza bo‘yicha zarur ma’lumotlarni taqdim etishi kerak. Ariza tekshirilgandan so‘ng unga so‘rov qabul qilingani va navbatga qo‘yilgani haqida tasdiqnoma yuboriladi. Qabul vaqti belgilangach, elektron pochta orqali bildirishnoma keladi. Bildirishnomani olgandan so‘ng ariza beruvchida xizmat haqini to‘lash va navbatni tasdiqlash uchun 24 soat vaqt bo‘ladi.

TLScontact yangi tizim ariza beruvchilarni “firibgar va qimmat xizmat ko‘rsatuvchi vositachi agentliklar”dan himoya qilish, shuningdek, barcha halol ariza beruvchilar uchun navbatga yozilish imkoniyatidan adolatli foydalanishni ta’minlash maqsadida joriy etilayotganini ma’lum qildi.

Oldinroq bloger Nikita Makarenko, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va Gazeta mushtariylari TLScontact orqali Fransiya vizasiga hujjat topshirish uchun navbatga yozilish imkonsiz ekanidan shikoyat qilgandi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, bo‘sh slotlar oylab bo‘lmagan, vositachilar esa navbatga yozib qo‘yishni 500 dollargacha bo‘lgan summa evaziga taklif qilgan.

Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ariza beruvchilarni norasmiy to‘lovlarni to‘lamaslikka chaqirgan va tekshiruvlar muntazam ravishda o‘tkazilayotganini bildirgandi. Diplomatik missiya firibgarlik faktlari aniqlangan taqdirda, aybdorlarga nisbatan sanksiyalar qo‘llanishini ma’lum qilgan.

Gazeta Yevrokomissiya ma’lumotlariga tayanib, 2025-yilda o‘zbekistonliklar Shengen vizasi uchun 61,3 mingta ariza topshirganini yozdi — bu bir yil oldingiga nisbatan 4,5 foizga ko‘pdir. Jami 50,5 mingta viza berilgan bo‘lib, ma’qullash darajasi deyarli o‘zgarishsiz qoldi — 82,4 foiz. Rad etishlar ulushi biroz o‘sib, 16,3 foizni tashkil etdi, ko‘p martalik vizalar soni esa qisqardi.

Arizalar soni bo‘yicha Fransiya ikkinchi o‘rinni egalladi. Ko‘rsatkich 9301 tadan 11 549 tagacha, ya’ni 24,2 foizga o‘sdi. Berilgan universal vizalar miqdori 7716 tadan 9859 taga ko‘paydi (83 foizdan 85,3 foizgacha). Rad etilgan vizalar soni bir yil oldingi 1284 taga nisbatan 1504 tani tashkil etdi. Rad etilgan arizalar ulushi esa 14,1 foizdan 13 foizgacha kamaydi. Shu bilan birga, ko‘p martalik vizalar soni 1436 tadan 2046 taga oshdi (ularning ulushi 17,7 foizgacha o‘sdi).

TLScontact — turli hukumat mijozlari bilan ishlovchi xalqaro viza markazlari operatori hisoblanadi. O‘zbekistonda kompaniya, xususan, Fransiya va Germaniya vizalari uchun arizalarga xizmat ko‘rsatadi, biroq ushbu yo‘nalishlar alohida veb-saytlar orqali, o‘ziga xos qoidalar asosida va turli viza markazlarida amalga oshiriladi. TLScontact’ning Fransiya viza markazi Fidokor ko‘chasi 32-uyda, Germaniyaniki esa Oybek ko‘chasi 26-uyda joylashgan. Shu bilan birga, viza berish bo‘yicha qarorlarni viza markazlari emas, balki tegishli elchixonalar qabul qiladi.

Source: www.gazeta.uz