27-iyun kuni O‘zbekiston terma jamoasi Amerika Qo‘shma Shtatlarining Atlanta shahridagi Mercedes-Benz stadionida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati o‘yinida Kongo Demokratik Respublikasi bilan to‘qnash keladi.
Uchrashuv arafasida bosh murabbiy Fabio Kannavaro matbuot anjumani o‘tkazdi. Italiyalik mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, Kolumbiya va Portugaliyaga qarshi ikki kuchli raqibdan so‘ng Kongoga qarshi o‘yin osonroq kechishi kutilmoqda.
«Ertangi raqib Kolumbiya va Portugaliyaga nisbatan ancha yengil. Nazariy jihatdan bizga biroz osonroq bo‘ladi, chunki eng kuchli tarkibga ega jamoani ortda qoldirdik. Ijobiy natija haqida o‘ylayapmiz», — dedi Kannavaro.
Shuningdek, u nega Abduvohid Nematov asosiy darvozabon bo‘lganini tushuntirdi: «Nematov terma jamoaga kelganimdan beri va o‘rtoqlik uchrashuvlarida o‘zini yaxshi ko‘rsatdi. Men unga imkoniyat berdim. Jahon chempionatida hamma tajriba olishi kerak. Agar menda bunday yaxshi darvozabon bo‘lsa, nega undan foydalanmaslik kerak?»
Kolumbiya va Portugaliyaga qarshi o‘yinlarda 22 nafar futbolchi maydonga tushdi. To‘rt nafar o‘yinchi — uchinchi darvozabon Botirali Ergashev, Avazbek Ulmasaliyev, Umar Eshmurodov va Jamshid Iskandarov — hali ushbu jahon chempionatida debyut qilmagan.
Kannavaroning ta’kidlashicha, barcha futbolchilarning kuchli raqiblarga qarshi o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi yaxshi. U, shuningdek, O‘zbekiston Yaponiya, Avstraliya, Iordaniya, Iroq kabi Osiyo jamoalari darajasiga yetishi kerakligini eslatdi.
Source: kun.uz