Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

DR Kongo terma jamoasi bosh murabbiyi Sebastyan Desabr jahon chempionati guruh bosqichidagi uchinchi tur o‘yini oldidan O‘zbekiston terma jamoasini yuqori baholadi.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, uning jamoasi Portugaliya va Kolumbiyaga qarshi ikkita qiyin o‘yin o‘tkazgan, ammo guruhdan chiqish imkoniyati hali ham mavjud. “Biz ikkita kuchli jamoa – Portugaliya va Kolumbiyaga qarshi o‘ynadik. Ikki o‘yindan so‘ng bir ochkomiz bor va endi hammasi bizga ayon. Uchinchi o‘yin hal qiluvchi bo‘ladi. Guruhdan chiqish uchun g‘alaba qozonishimiz kerak. Albatta, buning uchun tavakkal qilishga to‘g‘ri keladi”, dedi Desabr.

DR Kongo bosh murabbiyi, shuningdek, O‘zbekiston terma jamoasi haqida ham fikr bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Fabio Kannavaro qo‘l ostidagi jamoa jahon chempionatiga munosib ravishda yo‘llanma olgan va tushunarli o‘yin tuzilmasiga ega. “Ertaga biz juda yaxshi tashkil etilgan O‘zbekiston terma jamoasiga qarshi o‘ynaymiz. Bu jamoa jahon chempionatiga bejizga yo‘llanma olmagan. Bu qiyin o‘yin bo‘ladi va biz g‘alaba kalitini o‘zimiz topishimiz kerak”, dedi mutaxassis.

Desabr kelgusi uchrashuvda uning futbolchilari o‘z imkoniyatlarini maksimal darajada ko‘rsatishlari kerakligini ta’kidladi. “Biz ham O‘zbekiston kabi ushbu jahon chempionatining eng yuqori reytingli jamoalari qatoriga kirmaymiz. Shuning uchun bunday darajada munosib o‘ynash uchun jismoniy, taktik va texnik sifatlarimizdan 100 foiz foydalanishimiz kerak. Bizda hujum salohiyati va faoliyati davomida muntazam gol urgan futbolchilar bor. Ertaga ular o‘z so‘zlarini aytishlari kerak”, dedi murabbiy.

Desabr, shuningdek, O‘zbekistonga qarshi o‘yin uning jamoasi uchun alohida ahamiyatga ega ekanligini bildirdi. “Ertaga bizni finalimiz kutmoqda. Biz hamma narsa bitta o‘yinda hal bo‘ladigan bunday o‘yinlarga allaqachon o‘rganib qolganmiz. Bizning yo‘limiz doimo qiyin bo‘lgan, ammo qiyin vaziyatlardan chiqish yo‘lini bir necha bor topganmiz. Umid qilamanki, ertaga ham shunday bo‘ladi va kongoliklarning orzusi davom etadi”, dedi bosh murabbiy.

Yakunida Desabr DR Kongo terma jamoasi kelgusi o‘yinda nima qilish kerakligini bilishini ta’kidladi. “Biz g‘alaba qozonishni xohlaymiz va buning uchun tavakkal qilish kerakligini tushunamiz. Biz xotirjamlik bilan ishimizni qilamiz va turnir boshidanoq nima qilishimiz kerakligini bilardik. Umid qilamanki, ertangi o‘yin biz uchun muvaffaqiyatli bo‘ladi”, dedi bosh murabbiy.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston – DR Kongo uchrashuvi 28-iyun kuni Atlantada bo‘lib o‘tadi va Toshkent vaqti bilan soat 04:30 da boshlanadi.

Source: uznews.uz