Qashqadaryo viloyati, Xatirchi tumanida 6 oylik chaqaloqni shafqatsizlarcha o‘ldirgan otaga nisbatan hukm chiqarildi. Kun.uz manbalariga tayanib xabar bergan ushbu voqea bo‘yicha tuman jinoyat sudi 33 yoshli F.N.ni 15 yilga ozodlikdan mahrum qildi.
Sud hukmiga ko‘ra, 2026-yil 9-yanvar kuni F.N. uyiga dam olish uchun kirib, 6 oylik o‘g‘lining yig‘laganidan jahli chiqqan. U qarindoshlari ko‘z o‘ngida chaqaloqning og‘ziga paypoq tiqib, ikki qo‘lidan ushlab silkitgan. Natijada chaqaloqning boshi divanning yog‘och qismiga urilgan va klinik o‘lim yuz bergan.
Sud-tibbiyot ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, o‘lim miya qattiq va yumshoq pardalari ostiga hamda miyachaga qon quyilishi, miya va o‘pka shishi, o‘tkir nafas yetishmovchiligi sababli yuz bergan.
F.N. Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “v” va “j” bandlari (o‘ziga ma’lum bo‘lgan ojiz holatdagi shaxsni alohida shafqatsizlik bilan qasddan o‘ldirish) bo‘yicha aybdor deb topilib, 15 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Eslatib o‘tamiz, Kun.uz 9-yanvar kuni manbalariga tayanib, otaning 6 oylik o‘g‘liga tan jarohati yetkazib, og‘ziga paypoq tiqqani haqida xabar bergan edi. Ona chaqaloqni shifoxonaga yetkazgan, ammo 14-yanvar kuni soat 11:30da bola vafot etgan. Dastlab ish JK 104-moddasi 1-qismi (qasddan og‘ir tan jarohati yetkazish) bilan qo‘zg‘atilgan edi.
Source: kun.uz