O‘zbekiston va AQSh o‘zaro savdo va investitsiyalar to‘g‘risidagi bitimni tuzish bo‘yicha muzokaralarni jadallashtirishga kelishib oldi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Toshkentda AQSh savdo vakili, elchi Jeymison Grir bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng ma’lum qildi.
Saida Mirziyoyevaning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv yaqin vaqt ichida imzolanishi kutilmoqda. “AQSh savdo vakili, elchi Jeymison Grir bilan endi Toshkentda uchrashganimdan xursandman. O‘tgan bir yil davomida biz juda salmoqli ishlarni amalga oshirdik va aloqalarimiz yangi bosqichga ko‘tarildi”, — deb yozdi u o‘zining Telegram kanalida.
AQSh savdo vakili idorasi ma’lum qilishicha, Jeymison Grirning O‘zbekistonga tashrifi doirasida tomonlar ikki tomonlama iqtisodiy va sarmoyaviy munosabatlarni mustahkamlash, shuningdek, savdoda o‘zaro manfaatdorlik, muvozanat va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan savdo majburiyatlarining “dastlabki to‘plami”ni kelishib olgan.
Vashington O‘zbekiston Amerikaga oid sanoat mollari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining keng ro‘yxati uchun tariflarni bekor qilish yoki kamaytirish majburiyatini olganini ta’kidladi. AQSh, o‘z navbatida, O‘zbekistondan keltiriladigan sanoat va qishloq xo‘jaligi tovarlariga nisbatan tarif choralarini — bu qanchalik o‘rinli bo‘lsa va Amerika qonunchiligiga mos kelsa — “ijobiy ko‘rib chiqish” niyatida.
Tomonlar, shuningdek, sarmoyaviy hamkorlikni mustahkamlash, ikki tomonlama investitsiyalarni ilgari surish va rag‘batlantirish mexanizmlarini o‘rganish hamda o‘zaro savdo va investitsiyalar to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralarni jadallashtirishga kelishib oldi.
AQSh Savdo vakili idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu kelishuvlar prezidentlar Donald Tramp va Shavkat Mirziyoyevning 2025-yildagi uchrashuvlari yakunlarini rivojlantiradi hamda ikki davlatning strategik va iqtisodiy sheriklikni mustahkamlashga sodiqligini tasdiqlaydi.
Idorada avvalroq O‘zbekiston va AQSh prezidentlari 32 mlrd dollarlik tijorat bitimlari, jumladan, “Boeing” bilan 8,5 mlrd dollarlik kelishuv, shuningdek, o‘ta muhim minerallar, tog‘-kon sanoati, energetika, moliya va axborot texnologiyalari kabi strategik sohalarda xaridlar va investitsiyalar haqida e’lon qilganini eslatib o‘tdi.
“AQSh O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi va mamlakatning hozirgi kunga qadar erishgan salmoqli yutuqlarini e’tirof etadi. AQSh va O‘zbekiston ushbu ’dastlabki to‘plam’ni yaqin haftalarda rasman qayd etadi”, — deyiladi xabarda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev avvalroq O‘zbekistonning AQSh bilan tovar ayirboshlash hajmini 5 mlrd dollarga yetkazishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan edi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 1 mlrd dollardan oshdi.
2024-yil dekabr oyida O‘zbekiston va AQSh mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi yuzasidan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash to‘g‘risidagi bayonnomani imzolagan edi. Muzokaralar 14 oy davom etgan. May oyida prezident bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekistonning 2026-yilda JSTga a’zo bo‘lish niyati o‘z kuchida qolayotgani aytilgan edi. Joriy yil boshidagi holatga ko‘ra, O‘zbekiston tashkilotning 34 a’zosidan 33 tasi bilan muzokaralarni yakunlagan.
Source: www.gazeta.uz