Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Jahon chempionati guruh bosqichining yakuniy o‘yinida Kongo DRdan uchralgan mag‘lubiyatga munosabat bildirdi.

O‘zbekiston terma jamoasi 1:3 hisobida imkoniyatni boy berib, turnirdagi ishtirokini yakunladi. Jamoa uchrashuvning 10-daqiqasidayoq Eldor Shomurodovning goli evaziga hisobda oldinga chiqib olgandi, biroq ikkinchi bo‘limda o‘z darvozasidan uchta to‘p olib chiqdi.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, o‘yindan oldin jamoa to‘p nazoratisiz o‘yin qiyin kechishini tushunib yetgan. “Birinchi bo‘limda juda ko‘p energiya sarfladik. Bugungacha bizning jismoniy samaradorligimiz yaxshi edi, bugun ham jismoniy tomondan yaxshi harakatlandik. Raqibimiz ham bu tomonlama yaxshi shakllangan jamoa edi. Biz o‘yindan oldin to‘pni nazorat qilmasak qiyin bo‘lishini bilardik. Ikkinchi bo‘limda xatolar qildik va shu sababli gollar o‘tkazib yubordik”, — deya Kannavaroning so‘zlarini keltirmoqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi.

Kannavaro O‘zbekiston terma jamoasi uchrashuvni yaxshi boshlaganini va o‘yinning birinchi yarmida bir qator imkoniyatlar yaratganini ta’kidladi. “Bugun birinchi taymni juda ham yaxshi boshladik, ko‘plab imkoniyatlarga ega bo‘ldik. Ikkinchi bo‘limda esa xatolar qila boshladik”, — dedi bosh murabbiy.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Jahon chempionatidagi ishtirok jamoa uchun muhim tajriba bo‘ldi. “Bu musobaqa men uchun ham, futbolchilar uchun ham katta tajriba bo‘ldi. O‘ylaymanki bu kelajakda bizga katta motivatsiya beradi”, — deb qayd etdi Kannavaro.

Murabbiyning so‘zlariga ko‘ra, u futbolchilar bilan ko‘p gaplashgan va jamoa guruhdagi raqiblarning darajasini to‘g‘ri baholagan. “Albatta, futbolchilar bilan juda ko‘p muloqot qildim. Guruhimizda ham kuchli jamoalarga qarshi o‘ynashimiz kerakligini bilardik. Lekin ushbu natijadan afsusdamiz. Ha, biz xatolar qildik. Biroq men futbolchilardan umuman shikoyat qilmoqchi emasman. Ular qo‘lidan kelgan hammasini qildi va men ulardan faxrlanaman”, — dedi u.

Kongo DRdan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasi Jahon chempionatidagi ishtirokini yakunladi va turnirni tark etdi. Kongo esa uchinchi o‘rinni egallab, 4 ochko bilan JCHning 1/16 finaliga yo‘l oldi va u yerda Angliya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. “K” guruhining parallel kechgan bahsida Portugaliya va Kolumbiya durang (0:0) qayd etdi.

Fabio Kannavaro shogirdlari turnir davomida o‘tkazilgan uchta o‘yinning barchasida mag‘lubiyatga uchrab, o‘z darvozasidan 11 ta to‘p olib chiqdi va raqiblar darvozasini 2 bor ishg‘ol etdi.

Source: www.gazeta.uz