Milliy statistika qo‘mitasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar-may oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,7 foizga o‘sib, 32,8 milliard dollarni tashkil etdi.
Eksport 15,5 foizga qisqarib, 12,6 milliard dollarni tashkil etdi, import esa 20,8 foizga o‘sib, 20,1 milliard dollarga yetdi. Natijada 7,5 milliard dollar miqdorida salbiy saldo kuzatildi, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 4,4 baravar ko‘pdir.
Umumiy eksport kamayishining asosiy sababi nomonetar oltin yetkazib berishning qisqargani bo‘ldi. Yanvar-may oylarida O‘zbekiston 1,5 milliard dollarlik oltin eksport qildi, vaholanki, o‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 6,49 milliard dollarni tashkil etgan edi. Oltinning umumiy eksportdagi ulushi 43,4 foizdan 11,9 foizga tushib ketdi.
May oyida oltin eksporti amalga oshirilmadi. Yil boshidan beri qimmatbaho metall yetkazib berishning butun hajmi aprel oyiga to‘g‘ri keldi. Bungacha oxirgi marta oltin eksporti o‘tgan yilning sentabr oyida qayd etilgan edi — o‘shanda ham taxminan 1,5 milliard dollar atrofida bo‘lgan.
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning ma’lumotlariga ko‘ra, may oyida bir oylik eksport 2,7 milliard dollarni, import esa 3,8 milliard dollarni tashkil etdi. Natijada tashqi savdo defitsiti 1,1 milliard dollarga yetdi. Taqqoslash uchun: aprel oyida oltin eksporti hisobiga profitsit shakllangan edi.
May oyida umumiy eksport 10,3 foizga qisqardi, import esa 0,7 foizga o‘sdi. Iqtisodchi eksportning kamayishini o‘tgan yilgi yuqori ko‘rsatkichlar bilan bog‘lamoqda: 2025-yilning may oyida O‘zbekiston 1,1 milliard dollarli oltin eksport qilgan bo‘lsa, joriy yilning may oyida qimmatbaho metall yetkazib berilmadi. “Bu pasayayotgan oltin narxi bilan izohlanishi mumkin”, — deb ta’kidladi u.
Shu bilan birga, yanvar-may oylarida oltinni hisobga olmagandagi eksport 6,5 milliard dollarni tashkil etdi, bu 2025-yilning shu davriga nisbatan 29,4 foizga ko‘pdir. Iqtisodchining ma’lumotlariga ko‘ra, may oyida oltinsiz eksport 40,4 foizga oshgan.
May oyida oltinsiz eksportning yuqori sur’atlarda o‘sishini, eng avvalo, xizmatlar va energetika tovarlari ta’minladi. Energetika tovarlari eksporti 31,4 foizga, xizmatlar eksporti esa 42,5 foizga oshdi.
Yanvar-may oylarida xizmatlar eksportning eng yirik moddasiga aylandi. Ularning hajmi 3,4 milliard dollardan 4,59 milliard dollargacha yoki 34,9 foizga o‘sdi. Xizmatlarning umumiy eksportdagi ulushi 22,8 foizdan 36,3 foizgacha ko‘tarildi.
Sanoat tovarlari eksporti 18 foizga o‘sib, 1,91 milliard dollarni tashkil etdi, ularning ulushi esa 10,8 foizdan 15,1 foizgacha oshdi. Kimyoviy moddalar va shunga o‘xshash mahsulotlar yetkazib berish 37,6 foizga oshib, 1,05 milliard dollarga yetdi, ushbu toifaning ulushi 8,3 foizni tashkil etdi.
To‘qimachilik mahsulotlari eksporti 1,3 milliard dollarga yetdi. Bu soha umumiy eksportning 10 foizini tashkil etdi, yetkazib berish hajmi esa o‘tgan yilning yanvar-may oylariga nisbatan 20,1 foizga o‘sdi.
Besh oy davomida meva-sabzavotlar eksporti yillik hisobda 2,7 foizga o‘sib, 635,8 million dollarni tashkil etdi. Ushbu toifaning umumiy eksport hajmidagi ulushi 5 foizdan iborat bo‘ldi.
Eksport tarkibida turli xil tayyor mahsulotlar yetkazib berish ham 531,3 million dollardan 1,06 milliard dollargacha o‘sdi. Ularning ulushi 3,6 foizdan 8,4 foizgacha ko‘tarildi. Mashinalar va transport uskunalari eksporti 387,9 million dollardan 536 million dollargacha oshib, ulushi 2,6 foizdan 4,2 foizgacha yetdi.
Mirkomil Xolboyevning so‘zlariga ko‘ra, may oyida O‘zbekistonning deyarli barcha asosiy savdo hamkorlari bo‘lgan mamlakatlarga eksport yuqori sur’atlarda o‘sgan. Xitoyga eksport 62,4 foizga, Afg‘onistonga 72,9 foizga, Turkiyaga 56,2 foizga, Tojikistonga 59,6 foizga va Qirg‘izistonga 40,3 foizga oshgan.
Iqtisodchining ta’kidlashicha, Afg‘onistonga eksport ketma-ket 10 oydan beri 30 foizdan ko‘proqqa, Xitoyga eksport esa ketma-ket uchinchi oydirki, 60 foizdan ko‘proqqa o‘smoqda. Shu bilan birga, may oyida Rossiyaga eksport o‘sishi 20,8 foizdan 13 foizgacha sekinlashgan.
Yanvar-may oylarida O‘zbekiston importi 20,13 milliard dollarga yetdi. Mashinalar va transport uskunalari eng yirik import moddasi bo‘lib qoldi — 6,66 milliard dollar yoki jami importning 33,1 foizi. 2025-yilning yanvar-may oylariga nisbatan ushbu toifa hajmi 20,5 foizga o‘sdi.
Sanoat tovarlari importi 2,73 milliard dollardan 3,08 milliard dollargacha ko‘paydi, biroq uning ulushi biroz kamayib, 16,4 foizdan 15,3 foizga tushdi. Kimyoviy moddalar va shunga o‘xshash mahsulotlar yetkazib berish 2,47 milliard dollargacha o‘sdi, ularning ulushi 12,3 foizni tashkil etdi.
Xorijdan oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlarni import qilish 42,3 foizga oshib, 2,31 milliard dollarga yetdi. Ularning umumiy importdagi ulushi 9,8 foizdan 11,5 foizgacha ko‘tarildi.
Mineral yonilg‘i, moylash va shunga o‘xshash materiallar importi 31,7 foizga o‘sib, 1,86 milliard dollarni tashkil etdi. Ushbu toifaning ulushi 8,5 foizdan 9,2 foizgacha ko‘tarildi.
Xizmatlar hajmi 14,7 foizga oshib, 2,05 milliard dollarni tashkil qildi. Uning umumiy importdagi ulushi esa 10,7 foizdan 10,2 foizgacha kamaydi.
Shu bilan birga, may oyida importning o‘sishi sezilarli darajada sekinlashdi. Mirkomil Xolboyev buni “qiziq tendensiya” deb atadi, chunki yil boshidan buyon o‘rtacha oylik import o‘sishi taxminan 27 foizni tashkil etayotgandi.
Uning ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyadan tashqari deyarli barcha asosiy hamkorlardan import sekinlashgan. Turkiyadan yetkazib berish 24 foizga, Germaniyadan 38 foizga, Hindistondan 43 foizga, Janubiy Koreyadan esa 16 foizga qisqargan. Xitoydan importning o‘sishi 32 foizdan 11 foizgacha sekinlashgan.
Rossiyadan import esa, aksincha, tezlashgan: agar aprel oyida o‘sish 6 foizni tashkil etgan bo‘lsa, may oyida bu ko‘rsatkich 10 foizga yetgan.
Source: www.gazeta.uz