Davlat xavfsizlik xizmati xabariga ko‘ra, Samarqand viloyatida ikki nafar advokatning noqonuniy harakatiga chek qo‘yildi. Ulardan biri Jizzax viloyatidagi manzil-koloniyada jazo o‘tayotgan mahkumning muddatini mansabdor tanishlari orqali qisqartirib berishni va’da qilgan.
Advokat mahkumning tanishidan 15 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushgan. Ushbu pul evaziga mahkumning jazo muddatini qisqartirishga yordam berishni va’da qilgani aniqlangan.
Ikkinchi advokat esa Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida faoliyat yuritib, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudida ko‘rilayotgan ishda himoyachi sifatida qatnashgan. U sudlanuvchiga yengilroq jazo tayinlatib berishni va’da qilgan.
U mansabdor tanishlari orqali yordam berish evaziga sudlanuvchining o‘g‘lidan 2 ming dollar talab qilib, pulni olayotgan vaqtida ushlangan. Hozirda har ikki advokatga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Source: www.gazeta.uz