Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish maqsadida “1000 muammo – 1000 yechim” nomli yangi loyiha yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu tashabbus doirasida yoshlar vazirliklar, idoralar va hududlarning dolzarb masalalariga o‘z yechimlarini taklif qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Loyiha shartlariga ko‘ra, har bir vazir, tarmoq rahbari va hokim ochiq platformada o‘z idorasi oldida turgan muammolarni e’lon qiladi va eng yaxshi yechimlar uchun mukofot puli belgilaydi. Bu orqali yoshlarning innovatsion g‘oyalari rag‘batlantirilishi kutilmoqda.

Har bir vazir va hokim kamida 10 milliard so‘m hajmida venchur fondini tashkil etishi shart. Ushbu mablag‘lar g‘oliblarni mukofotlashga, shuningdek, 20 ta eng yaxshi startapni – g‘oyadan amaliy tatbiqgacha moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, Yoshlar ishlari agentligi biznes, axborot texnologiyalari va kreativ iqtisodiyot sohalaridagi 100 ta eng yaxshi loyihani tanlab oladi va har biriga 1 milliard so‘mgacha sarmoya kiritadi. Bu yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Source: uznews.uz