Buxoro viloyatining Jondor tumanida qamishzorga o‘t qo‘yilishi oqibatida 50 tup daraxt yondi. Hodisa oqibatida tabiatga 202,7 mln so‘mlik ekologik zarar yetkazilgan. Bu haqda viloyat Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, Jondor tumanidagi “Charos” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi va unga tutash “B.S.B.” fermer xo‘jaligi hududida sodir bo‘lgan yong‘in o‘rganilgan.
Tekshiruv davomida fuqaro S.B. hamda boshqa noma’lum shaxslar kollektor atrofidagi qamishzorga o‘t qo‘ygani aniqlangan. Buning oqibatida jami 50 tup daraxt zarar ko‘rgan. Shundan 38 tupi to‘liq nobud bo‘lgan, yana 12 tupi shikastlangan.
Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, yong‘in natijasida 38 tup qimmatbaho turang‘il, 5 tup qimmatbaho jiyda hamda 7 tup kam qimmatli oq terak daraxtlariga zarar yetgan.
Ekologiya boshqarmasi hisob-kitoblariga ko‘ra, hodisa oqibatida tabiatga 202 mln 704 ming so‘m miqdorida ekologik zarar yetkazilgan.
Holat yuzasidan barcha zarur hujjatlar rasmiylashtirilgan. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni qasddan shikastlantirish, payhon qilish, nobud qilish ko‘p miqdorda zarar yetkazilishiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, dastlabki tergov harakatlari Jondor tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismiga ko‘ra, ekinzorlar, o‘rmonlar, daraxtlar yoki boshqa o‘simliklarni qasddan shikastlantirish, payhon qilish yoki nobud qilish ko‘p miqdorda zarar yetkazilishiga sabab bo‘lsa, BHMning 500 baravaridan 600 baravarigacha jarima, 360 soatdan 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, shuningdek, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Avvalroq Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida qurilish uchun ajratilgan hududda 27 tup daraxt noqonuniy yo‘q qilinib, o‘simlik dunyosiga 2 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan edi.
Source: www.gazeta.uz