Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

1 iyul kuni Toshkent xalqaro aeroportida jahon chempionatidan qaytgan O‘zbekiston terma jamoasining tantanali uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bosh vazir Abdulla Aripov jamoa a’zolarini shaxsan kutib olib, ularga murojaat qildi.

Aripov o‘z nutqida futbolchilarning mashhur raqiblarga qarshi kurashini yuqori baholadi: “Sizlar Portugaliya (FIFA reytingida 5-o‘rin), Kolumbiya (13-o‘rin) va Kongo bilan jasorat bilan jang qildingiz. Har bir hujum, himoya, zarba va kurash lahzasi xalqimizga hayajon, umid va g‘urur ulashdi.”

Bosh vazir, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlardagi tanqidlarga ham to‘xtalib, futbolchilarni “divan ekspertlari”ni kechirishga chaqirdi: “Hurmatli futbolchilar, sizlarning mashhurligingiz orqali ko‘plab muvaffaqiyatsiz sportchilar, soxta mutaxassislar va “divan ekspertlari” arzon piar va layklar olishga urinmoqda. Ularni kechiring.”

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionatida Kolumbiyaga (1:3), Portugaliyaga (0:5) va Kongo DRga (1:3) yutqazib, guruhda oxirgi o‘rinni egalladi. Gollarni Abbosbek Fayzullayev va Eldor Shomurodov kiritdi. Umumiy hisobda jamoa 48 ta jamoa orasida 46-o‘rinni band qildi.

Source: kun.uz