2026-yilning yanvar-may oylarida O‘zbekiston 724,7 million dollarlik tabiiy gaz import qildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 84,1 foizga ko‘pdir. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning shu davrida gaz importi 393,6 million dollarni tashkil etgan.
Shu bilan birga, bir yil avval e’lon qilingan hisobotda 2025-yil yanvar-may oylari uchun gaz importi hajmi 285,5 million dollar deb ko‘rsatilgan edi. Yangilangan va dastlabki ma’lumotlar o‘rtasidagi farq 108,1 million dollarni tashkil qilmoqda.
Yanvar oyida O‘zbekistonga 167,6 million dollarlik, fevralda 34,6 million dollarlik, martda 158,3 million dollarlik, aprelda 147,8 million dollarlik, may oyida esa 216,4 million dollarlik tabiiy gaz import qilingan. May oyidagi ko‘rsatkich yil boshidan buyon eng yuqorisi bo‘ldi.
Besh oy davomida tabiiy gaz eksporti 202,9 million dollargacha qisqardi. Bu o‘tgan yilning shu davridagi 288 million dollarlik ko‘rsatkichdan 29,5 foizga kam. Yanvar oyida gaz eksporti amalga oshirilmagan, fevralda 7,1 million dollarlik, martda 29,4 million dollarlik, aprelda 92,7 million dollarlik, mayda esa 73,5 million dollarlik yetkazib berish qayd etilgan.
Xitoy Bojxona bosh boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston yanvar-may oylarida Xitoyga 139,6 million dollarlik tabiiy gaz eksport qilgan. Yanvar oyida 1,09 million dollarlik kichik hajmdagi yetkazib berish amalga oshirilgan, keyin ikki oylik tanaffus kuzatilgan. Aprel oyida Xitoy yana O‘zbekiston gazini import qilishni boshlagan – 44,97 million dollarlik, may oyida esa bu ko‘rsatkich 93,6 million dollarni tashkil etgan.
Xitoy bojxonasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning yanvar-may oylarida O‘zbekiston Xitoyga 264,9 million dollarlik gaz yetkazib bergan – bu 2026-yilning shu davriga nisbatan 1,9 barobar ko‘p. O‘shanda gaz yetkazib berish barcha besh oy davomida amalga oshirilgan.
Avvallari O‘zbekiston eksport qiladigan gazning deyarli barchasi Xitoyga yo‘naltirilar edi. Gazeta bir necha bor Xitoy bojxonasi ma’lumotlarida O‘zbekistondan import qilingan gaz hajmi o‘zbek tomoni e’lon qilgan raqamlardan yuqori ekanini qayd etgan. Masalan, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, Xitoy O‘zbekistondan import qilingan gaz hajmini 773,3 million dollar deb baholagan, O‘zbekiston statistikasiga ko‘ra esa umumiy eksport 628,8 million dollarni tashkil etgan. Tafovut 144,5 million dollarga yetgan.
Umuman olganda, 2020−2025-yillar davomida ikki mamlakat idoralarining gaz yetkazib berish bo‘yicha ma’lumotlari o‘rtasidagi farq 687,2 million dollarga teng bo‘lgan. 2026-yilning yanvar-may oylari yakunlariga ko‘ra ham tafovut sezilarli bo‘ldi, biroq bu safar aksincha holat kuzatildi: O‘zbekiston tomoni Xitoy ma’lumotlariga nisbatan kattaroq eksport hajmini ko‘rsatgan. Farq 63,3 million dollarni tashkil etgan.
Nazariy jihatdan gazning bir qismi boshqa mamlakatlarga, masalan, Tojikiston yoki Qirg‘izistonga yetkazib berilgan bo‘lishi mumkin. Biroq Qirg‘iziston statistikasiga ko‘ra, yanvar-aprel oylarida u yerga O‘zbekiston gazi yetkazib berilmagan. Tojikiston esa gaz importi hajmini ochiqlamaydi, ammo avvalgi yillarda bu ko‘rsatkichlar ahamiyatsiz darajada bo‘lgan.
Source: www.gazeta.uz