Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda xarid cheklari uchun beriladigan ommaviy soliq keshbekini bekor qilish va rag‘batlantirishning yanada manzilli choralariga o‘tish taklif qilindi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va fiskal tahlil instituti materialida so‘z boradi.

Hujjatda qayd etilishicha, soliq keshbeki soliq madaniyatini shakllantirishning vaqtinchalik vositasi sifatida joriy etilgandi. Uning vazifasi xaridorlarni fiskal cheklarni talab qilishga undash va shu orqali chakana savdoning shaffofligini oshirishdan iborat bo‘lgan. Davlat xarid summasining 1 foizini fuqarolarga qaytarish orqali ularni amalda jamoatchilik soliq nazoratiga jalb qildi.

Mualliflarning fikricha, ushbu vazifa sezilarli darajada bajarildi: chek olish odati shakllanib ulgurdi, soliq organlari esa so‘nggi yillarda yangi raqamli nazorat vositalariga — onlayn NKM, elektron hisob-fakturalar, raqamli markirovkalash, tovar va xizmatlarni identifikatsiyalash, katta hajmdagi ma’lumotlar tahlili hamda tizimlararo ma’lumot almashinuviga ega bo‘ldi.

Shu bilan birga, keshbek to‘lovlari uchun budjet xarajatlari o‘sib bormoqda. Keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2022-yilda bu maqsadlarga 820 milliard so‘m, 2023-yilda — 1,24 trillion so‘m, 2024-yilda — 1,05 trillion so‘m, 2025-yilda esa 1,51 trillion so‘m yo‘naltirilgan. Yanvar−may oylaridagi to‘lovlar asosida hisoblab chiqilgan 2026-yilgi prognozga ko‘ra, xarajatlar 1,81 trillion so‘mga yetishi mumkin.

Taqqoslash uchun, hujjatda ko‘rsatilishicha, 2026-yilda maktabgacha ta’lim tashkilotlarini qurish uchun 900 milliard so‘m rejalashtirilgan — bu soliq keshbeki uchun prognoz qilinayotgan xarajatlardan taxminan ikki baravar kam demakdir.

Tahliliy materialda qayd etilishicha, budjet xarajatlarining o‘sishi endilikda soliq tushumlarining unga mutanosib ravishda ko‘payishi bilan kuzatilmayapti. Bunga misol tariqasida aylanmadan olinadigan soliq tushumlari keltirilgan: ular 2021-yildagi 1,65 trillion so‘mdan 2025-yilda 3,07 trillion so‘mgacha o‘sgan, biroq raqamli vositalarni joriy etishning dastlabki bosqichidan keyin o‘sish sur’atlari pasaygan.

Ommaviy keshbekka qarshi yana bir dalil sifatida to‘lovlarning salmoqli qismi qonuniy sektorda faoliyat yuritadigan yirik savdo tarmoqlaridagi xaridlarga to‘g‘ri kelayotgani ko‘rsatilgan. Shu tariqa, budjet amalda keshbek mavjudligidan qat’i nazar sodir etiladigan operatsiyalarni subsidiyalamoqda.

2026-yilning may oyida soliq keshbekining umumiy summasi 146,6 milliard so‘mni tashkil etdi. Shundan 15,7 milliard so‘mi yoki 10,7 foizi 10 ta eng yirik savdo brendi hissasiga to‘g‘ri keldi. May oyida eng ko‘p keshbek Korzinka cheklari bo‘yicha hisoblandi — 6,87 millionta chek uchun 9,4 milliard so‘m. Keyingi o‘rinlardan Havas — 1,24 milliard so‘m, Olma — 1,2 milliard so‘m, UNG Petro (Carvon) — 824 million so‘m, Safia — 820 million so‘m, Afsonalar vodiysi — 761 million so‘m, KFC — 453,3 million so‘m, Cheese Day — 349,4 million so‘m, Makro — 336,5 million so‘m va EVOS — 292,9 million so‘m joy oldi.

Mualliflarning fikricha, soliq tizimining uzoq muddatli samaradorligi qonunchilikka rioya qilganlik uchun doimiy moddiy mukofotlash hisobiga emas, balki iqtisodiy operatsiyalarning shaffofligi, raqamlashtirishning yuqori darajasi va qoidabuzarliklarni aniqlashning muqarrarligi bilan ta’minlanishi kerak.

Hujjatda, shuningdek, mablag‘larning ommaviy ravishda qaytarilishi ushbu mexanizmdan insofsizlarcha foydalanishni rag‘batlantira boshlagani aytiladi. Xususan, tovarlarni amalda sotmasdan, faqatgina budjet mukofotini olish maqsadida fiskal cheklarni rasmiylashtirish holatlari qayd etilmoqda.

Muqobil variant sifatida “har bir chek rag‘batlantiriladi” tamoyilidan “iqtisodiyotning eng xavfli segmentlarida nazorat rag‘batlantiriladi” tamoyiliga o‘tish taklif etilmoqda. Soliq xavfi yuqori bo‘lgan sohalarda, jumladan, umumiy ovqatlanish va kichik chakana savdo do‘konlarida cheklarni ro‘yxatdan o‘tkazgan xaridorlar o‘rtasida davlat lotereyalarini tashkil etish shunday variantlardan biri sifatida ko‘rsatilgan.

Baholashlarga ko‘ra, yirik pul mukofotlari, avtomobillar, sayyohat yo‘llanmalari va qiymati 5 million so‘mdan yuqori bo‘lgan boshqa qimmatbaho sovg‘alar qo‘yiladigan bunday lotereyalarga yiliga 100 milliard so‘mgacha mablag‘ yo‘naltirish kifoya qiladi. Bu esa, hujjatda ta’kidlanishicha, budjet xarajatlarini deyarli 20 baravarga qisqartirish imkonini beradi.

Mualliflar ijtimoiy reyestrga kiritilgan fuqarolar uchun QQSni manzilli qaytarish mexanizmini ommaviy keshbekdan farqlash lozimligini ta’kidladi. Bunday mexanizm iste’molchilik xulq-atvorini rag‘batlantirish emas, balki aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga soliq yukini kamaytirishdek ijtimoiy maqsadni ko‘zlaydi.

Xulosada ta’kidlanishicha, soliq keshbeki zamonaviy soliq ma’muriyatchiligi tizimini shakllantirishda muhim rol o‘ynadi, chek olish madaniyatini shakllantirishga yordam berdi va savdo shaffofligini oshirdi. Biroq onlayn kassalar, elektron hisob-fakturalar, marketpleyslar, raqamli markirovkalash, katta hajmdagi ma’lumotlar va sun’iy intellektning rivojlanishi doimiy ommaviy budjet rag‘batlantirishisiz soliq nazoratining “intellektual modeli”ga bosqichma-bosqich o‘tish imkonini beradi.

Source: www.gazeta.uz