Samarqandda bo‘lib o‘tgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi 27-sentabr kuni Silk Road Samarkand majmuasidagi “Boqiy shahar” amfiteatrida tantanali yopilish marosimi bilan nihoyasiga yetdi. Marosim mushakbozlik va dronlar shousi bilan yakunlandi.
O‘zbekiston-1 erkaklar milliy jamoasi turnirda oltin medallarni qo‘lga kiritdi va g‘oliblarga beriladigan bosh sovrin — Gamilton kubogini tantanali ravishda oldi. Jamoa tarkibida Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov va Muhiddin Madaminovlar bor edi. Terma jamoa kapitani — Rustam Qosimjonov.
Nodirbek Abdusattorov birinchi doskada oltin medalni qo‘lga kiritdi. U 11 partiyada 8,5 ochko to‘plab, birorta ham mag‘lubiyatga uchramadi. Uning performansi 2869 ballni tashkil etib, o‘z doskasida eng yaxshi natija bo‘ldi. Javohir Sindarov ikkinchi doskada bronza medaliga sazovor bo‘ldi. U 10 partiyada 7 ochko jamg‘arib, 2797 performans qayd etdi. Bu doskada oltin medal xitoylik Vey Iga, kumush esa niderlandiyalik Yorden van Forestga nasib etdi. Nodirbek Yoqubboyev uchinchi doskada kumush medal sovrindori bo‘ldi — u 10 ta o‘yinda 7,5 ochko olib, 2774 performans ko‘rsatdi. Bu doskada germaniyalik Frederik Svane g‘olib chiqdi, bronza esa armanistonlik Shant Sargsyanga nasib etdi.
Marosimning asosiy qismi taxminan soat 20:30 da boshlandi. Mukofotlarni topshirish uchun sahnaga FIDE prezidenti Timur Turlov, shuningdek, Vishvanatan Anand hamda Ozarbayjon shaxmat federatsiyasi rahbari Mahir Mamedovlar ko‘tarildi. Dastlab ayollar seksiyasi sovrindorlari taqdirlandi. Xitoy oltin medal va Vera Menchik kubogini qo‘lga kiritdi, Qozog‘iston — kumush, Hindiston esa bronza medallariga ega chiqdi. So‘ngra sahnaga O‘zbekiston erkaklar jamoasi chiqib keldi. Jamoaga oltin medallar va Gamilton kubogi topshirildi. Ikkinchi o‘rinni Hindiston, uchinchi o‘rinni esa Germaniya egalladi. Taqdirlash marosimidan so‘ng O‘zbekiston davlat madhiyasi yangradi.
O‘zbekiston so‘nggi tur nihoyasiga yetmasidanoq chempionlikni naqd qilib qo‘ydi. Jamoa Ukrainani 2,5:1,5 hisobida mag‘lub etdi, bosh ta’qibchi Hindiston esa Vengriya bilan 2:2 hisobida durang o‘ynadi. Bu O‘zbekiston uchun to‘rt yil ichidagi ikkinchi olimpiya oltini bo‘ldi. Jamoa ilk bor 2022-yilda Chennaydagi Olimpiadada g‘olib bo‘lgan, 2024-yilda Budapeshtda esa bronza medalini qo‘lga kiritgandi.
O‘rtacha 2532 reyting bilan 30-raqam ostida boshlagan O‘zbekiston ikkinchi milliy jamoasi Olimpiadani 15 jamoaviy ochko bilan 18-o‘rinda yakunladi. O‘zbekiston-3 jamoasi esa 2424 reyting bilan 55-raqamda start olib, 13 ochko bilan 60-o‘rinni egalladi. Ayollar bahsida O‘zbekiston asosiy milliy jamoasi 2345 reyting bilan 13-o‘rindan start olib, 15 ochko bilan turnirni aynan 13-o‘rinda yakunladi. O‘zbekiston-2 jamoasi 2143 reyting bilan 43-o‘rinda boshlab, 14 ochko to‘plagan holda 35-o‘ringa ko‘tarildi. Uchinchi jamoa esa 2021 reyting bilan 65-o‘rinda start olib, 13 ochko bilan 47-pog‘onadan joy oldi.
Hindiston Olimpiadaning yana bir bosh sovrini — erkaklar va ayollar jamoalarining umumiy natijasi eng yaxshi bo‘lgan federatsiyaga topshiriladigan Gaprindashvili kubogini qo‘lga kiritdi. Hindiston erkaklar terma jamoasi kumush, ayollar jamoasi esa bronza medaliga ega bo‘ldi.
Marosim avvalida, shuningdek, beshta reyting toifasi (A dan Ye gacha) bo‘yicha eng yaxshi jamoalarga ham mukofotlar topshirildi. O‘zbekiston ayollar ikkinchi milliy jamoasi “B” toifasida uchinchi o‘rinni egalladi. Ochiq (erkaklar) seksiyasida AQSh, Vetnam, Ekvador, Pokiston va Qatar g‘olib bo‘ldi. Ayollar bahsida esa AQSh, Xorvatiya, Shri-Lanka, Gana va Maldiv orollari tengsiz deb topildi.
Tashkilotchilar, shuningdek, uchta yo‘nalish — klassik, sport va original toifalarda eng yaxshi libos uchun ham jamoalarni taqdirladi. Ular orasida Gonkong, Yamayka, JAR, Sent Kits va Nevis hamda Mali g‘oliblar qatoridan joy oldi. An’anaga ko‘ra, marosim yakunida shaxmat Olimpiadasining bayrog‘i navbatdagi turnir tashkilotchilariga — 2028-yilda musobaqaga mezbonlik qiluvchi BAAga topshirildi. Bayroqni O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi birinchi vitse prezidenti Alisher Sa’dullayevdan Abu Dabi shaxmat klubi raisi va 47-Olimpiada direktori Husayn Abdulla Al-Xuriy hamda Abu Dabi Sport kengashi vakili Abdulrahim Al-Zaruniy qabul qilib oldi.
Marosim davomida 2000 dan ziyod mehmonlar qarshisida musiqachilar, raqs jamoalari va opera ijrochilari chiqish qildi. FIDE prezidenti Timur Turlov shaxmat va Olimpiadani qo‘llab-quvvatlagani uchun O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga, shuningdek, turnirni yuqori saviyada o‘tkazishda hissa qo‘shgan bosh vazir Abdulla Aripovga, hukumatlarga, shaxmat federatsiyalariga hamda tashkiliy qo‘mitalarga minnatdorlik bildirdi. Shundan so‘ng Turlov 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasini rasman yopiq deb e’lon qildi. Tantanali marosim mushakbozlik va keng ko‘lamli dronlar shousi bilan yakun topdi.
Source: www.gazeta.uz