Soliq qo‘mitasi bank siri va p2p o‘tkazmalar monitoringi masalalari bo‘yicha Markaziy bankning pozitsiyasiga hurmat bilan qarashini bildirdi. Muassasa qayd etishicha, banklar bilan har qanday axborot almashinuvi faqat qonun doirasida, bank sirini saqlash, shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish va fuqarolarning bank tizimiga bo‘lgan ishonchini ta’minlash sharti bilan amalga oshirilishi lozim.
Qo‘mita eslatishicha, Konstitutsiyaning 41-moddasida bank operatsiyalari, omonatlar va hisobvaraqlar sirining qonun bilan kafolatlanishi belgilangan. Ushbu masalalar qonunchilikda, xususan “Bank siri to‘g‘risida”gi qonun va Soliq kodeksi bilan tartibga solinadi.
“Bank siri to‘g‘risida”gi qonunda bank mijozining soliqqa oid masalalari bo‘yicha ma’lumotlar qonunchilikka muvofiq soliq organlariga taqdim etilishi nazarda tutilgan. Soliq kodeksida ham banklarning soliq organlariga axborotni soliq qonunchiligida nazarda tutilgan hollarda va tartibda taqdim etish majburiyatlari belgilangan.
Shu bilan birga, jismoniy shaxslar o‘rtasidagi p2p o‘tkazmalar o‘z-o‘zidan soliq solish obyekti hisoblanmaydi, deya ta’kidlanadi Soliq qo‘mitasi xabarida. “Bu fuqarolarning shaxsiy o‘tkazmalari ustidan ommaviy nazorat o‘rnatishni anglatmaydi”, — deya qayd etdi muassasa.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, ishlab chiqilgan loyihaning mohiyati banklar bilan o‘zaro hamkorlikning “xavfsiz, aniq va xalqaro amaliyotga mos” formatini shakllantirishdan iborat. Loyihaning jamoatchilik muhokamasi yakunlandi. Kelib tushgan barcha takliflar, shu jumladan Markaziy bankning pozitsiyasi ham diqqat bilan o‘rganiladi, shundan so‘ng tegishli xulosalar chiqariladi, deyiladi xabarda.
Avvalroq Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyev kartadan kartaga yirik pul o‘tkazmalari haqidagi ma’lumotlarni soliq organlariga taqdim etishni nazarda tutuvchi taklif O‘zbekiston Konstitutsiyasining 41-moddasiga zidligini ma’lum qilgandi. Markaziy bank mazkur qaror loyihasi bank siri to‘g‘risidagi qonunga ham zid ekanini qayd etgan.
Regulyatorning fikricha, loyihaning amalga oshirilishi fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari buzilishiga, naqd puldan foydalanishning ortishiga, mablag‘larning bank tizimidan norasmiy aylanmaga chiqib ketishiga hamda yashirin iqtisodiyot ko‘lamining kengayishiga olib kelishi mumkin. Shu bilan birga, regulyator ma’lumotlarni taqdim etish uchun nega oyiga bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravariga teng (206 mln so‘m) mezon tanlangani haqida ma’lumotga ega emasligini bildirgan.
Iyun oxirida Soliq qo‘mitasi banklar tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarning hisobvaraqlari yoki omonatlariga oid axborotlarni soliq organiga taqdim etish tartibini tasdiqlashni nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan edi. Yaqin qarindoshlardan kelgan o‘tkazmalar bundan mustasno hisoblanadi. Shuningdek, jismoniy shaxsning o‘z kartalaridan biriga ikkinchisidan amalga oshirgan o‘tkazmalari ham hisobga olinmaydi.
Loyiha jamoatchilik muhokamasi davomida tanqidga uchradi. Foydalanuvchilar bunday norma fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini buzishi va bank tizimiga bo‘lgan ishonchga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidladi.
Keyinroq Soliq qo‘mitasi tashabbus bank sirini bekor qilmasligi va soliq organlariga fuqarolarning hisobvaraqlaridan erkin foydalanish huquqini bermasligini ma’lum qildi. Idoraga ko‘ra, loyiha banklar va soliq xizmati o‘rtasida ma’lumot almashishning yagona qoidalarini belgilashga qaratilgan.
p2p o‘tkazmalarni monitoring qilish mavzusi birinchi marta muhokama qilinayotgani yo‘q. 2023-yilning may oyida Markaziy bank p2p o‘tkazmalari bo‘yicha bank siriga oid ma’lumotlarning soliq organlariga berilishiga qarshi chiqqan edi. Shu yilning aprel oyida Markaziy bank raisi Timur Ishmetov p2p o‘tkazmalari monitoringi kuchaytirilishi mumkinligi haqida gapirar ekan, qanday qaror topilmasin, u bank siri talablariga rioya qilgan holda amalga oshirilishi kerakligini aytgan edi.
Source: www.gazeta.uz