Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 14-iyul kuni bo‘lib o‘tgan majlisda foydalanishga topshirilmagan ko‘p qavatli uylarga fuqarolarni ko‘chirib kirgizganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilovchi qonunni qabul qildi. Hujjat uch o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi.

Qonun loyihasini taqdim etgan bosh prokuror o‘rinbosari Salom Samadovning so‘zlariga ko‘ra, ishchi guruhlar butun mamlakat bo‘ylab bino va inshootlarni loyihalash hamda ekspertizadan o‘tkazish masalalarini o‘rgangan. Tekshiruv yetti yillik davrni qamrab olgan.

“Ko‘p qavatli uylarni o‘rganish jarayonida 383 ta ko‘p xonadonli uy shaharsozlik hujjatlari talablarini bajarmasdan, kommunikatsiya tarmoqlariga ulanmasdan va ro‘yxatdan o‘tmasdan noqonuniy qurilgani aniqlandi. Ularda fuqarolarga 20 mingdan ortiq xonadon sotilgan”, — dedi Samadov.

Bundan tashqari, turli qoidabuzarliklar tufayli foydalanishga topshirilmagan, lekin u yerda allaqachon 8000 dan ortiq odam istiqomat qilayotgan 136 ta ko‘p qavatli uy aniqlandi.

Hozirda bunday harakatlar uchun mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy javobgarlik belgilangan. Ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin takroran sodir etilgan huquqbuzarlik jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin — bir yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish jazosi.

Samadovning ta’kidlashicha, aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 619 million so‘m jarima solingan, 2515 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan. “Biroq amaldagi javobgarlik kutilgan natijani bermadi”, — dedi u.

Shu munosabat bilan Shaharsozlik kodeksida buyurtmachi yoki pudratchining belgilangan tartibda foydalanishga qabul qilinmagan ko‘p qavatli uyga fuqarolarni ko‘chirib kiritmaslik majburiyatini alohida belgilash taklif etilmoqda. Jinoyat kodeksi esa ushbu huquqbuzarlik uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi norma bilan to‘ldirilmoqda.

“Jinoyat kodeksining 229−3-moddasini yangi yettinchi qism bilan to‘ldirish va to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlikni belgilash taklif etilmoqda. Jazo sifatida uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash, yoxud ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish nazarda tutilgan”, — dedi bosh prokuror o‘rinbosari.

Qonun loyihasini tayyorlashda AQSh, Fransiya, Xitoy, Rossiya, MDH mamlakatlari va boshqa davlatlar qonunchiligi o‘rganilgan. Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov qonun loyihasini sharhlar ekan, uning qurilish sifati va xavfsizligi masalalari bilan bog‘liqligini ta’kidladi.

O‘tgan yil oxirida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov 2018—2019-yillardan buyon O‘zbekistonda 38 mingta xonadonga mo‘ljallangan noqonuniy uy-joy aniqlanganini ma’lum qilgandi. 13-iyul kuni Senat qurilish sohasida nazoratni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi.

Source: www.gazeta.uz