Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston pensiya tizimi moliyaviy bosimning kuchayib borishiga duch kelmoqda, uning davlat budjetiga qaramligi esa so‘nggi yillarda ortgan. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ijtimoiy soliq qamrovini kengaytirish, pensiyalarni hisoblash tartibini o‘zgartirish, minimal mehnat stajini bosqichma-bosqich oshirish hamda jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini rivojlantirishni taklif etmoqda.

Takliflar 2027−2029-yillarga mo‘ljallangan Fiskal strategiyada keltirilgan. Hujjatda qayd etilishicha, pensiya xarajatlarining daromad bazasi cheklangan sharoitda barqaror o‘sishi Pensiya jamg‘armasining o‘z majburiyatlarini mustaqil ravishda bajarish imkoniyatini kamaytirmoqda. Shu bois davlat budjetidan transfertlarga ehtiyoj saqlanib qolmoqda, bu esa o‘rta muddatli istiqbolda ham fiskal yuklamani saqlab qolishi mumkin.

2024-yilda jamg‘arma xarajatlari 64 trln so‘mni yoki YIMga nisbatan 4,2 foizni, 2025-yilda esa 76,7 trln so‘mni, shuningdek YIMga nisbatan 4,2 foizni tashkil etgan. Shu davrda davlat budjetidan ajratilgan transfertlar 16,3 trln so‘mdan 20,2 trln so‘mgacha oshgan. 2026-yil uchun Pensiya jamg‘armasi daromadlari 64,7 trln so‘m, xarajatlari esa 86,1 trln so‘m yoki YIMga nisbatan 4,1 foiz miqdorida tasdiqlangan. Majburiyatlarni moliyalashtirish uchun respublika budjetidan yana 23 trln so‘m ajratish nazarda tutilgan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi islohotlarsiz 2027−2029-yillarda ham pensiya tizimining davlat budjetiga qaramligi yuqori bo‘lib qolishidan ogohlantirmoqda. Asosiy muammolar sifatida norasmiy bandlik tufayli jamg‘armaning daromadlar bazasi cheklangani hamda ijtimoiy soliq to‘lovi bo‘yicha ayrim toifadagi yuridik shaxslarga imtiyozlar berilishi ko‘rsatilgan.

Hozir mamlakatda 2,8 mln nafar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ularning qariyb 800 ming nafari yoki 30 foizi ixtiyoriy ravishda tegishli to‘lovlarni amalga oshiradi. Ayni paytda o‘zini o‘zi band qilgan shaxs bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari — 412 ming so‘mni to‘lab, pensiya tayinlash uchun bir yillik mehnat stajiga ega bo‘lishi mumkin.

Pensiya tizimi qamrovini kengaytirish maqsadida hozirda ijtimoiy soliq to‘lamayotgan ro‘yxatdan o‘tgan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni bosqichma-bosqich mazkur soliqni to‘lashga o‘tkazish (aniqrog‘i, ularni ijtimoiy soliq to‘lashga majburlash) taklif etilmoqda. Rasmiy daromadga ega fuqarolarga ham ishlamaydigan oila a’zolari uchun ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq to‘lash imkoniyatini berish mumkin.

Bundan tashqari, ijtimoiy soliq bo‘yicha yangi imtiyozlar berishni cheklash va amaldagilarini bosqichma-bosqich bekor qilish taklif etilmoqda. Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fozilkarimovning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yil yakunlari bo‘yicha 65 mingdan ortiq korxona ijtimoiy soliq bo‘yicha 3,2 trln so‘mlik imtiyozlarga ega bo‘lgan. Ularning ayrimlari soliqdan to‘liq ozod qilingan, boshqalari esa uni 1 foizlik stavka bo‘yicha to‘laydi.

Takliflarning alohida qismi to‘langan ijtimoiy soliq bilan kelgusidagi pensiya miqdori o‘rtasidagi bog‘liqlikni kuchaytirishga qaratilgan. Ijtimoiy soliq bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan ijtimoiy xarajatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri respublika budjetidan moliyalashtirish taklif etilmoqda. Bu Pensiya jamg‘armasi mablag‘larini uning asosiy majburiyatlarini bajarish uchun bo‘shatishi kerak.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi pensiya hisoblanadigan ish haqi davrini ham bosqichma-bosqich kengaytirishni taklif etmoqda. Hozirgi kunda cheklangan davr asosida hisoblash fuqaroning butun mehnat faoliyati davomida jamg‘armaga qo‘shgan hissasini to‘liq aks ettirmasligi mumkin. Strategiyada pensiya hisoblashda inobatga olinadigan ish haqining yuqori chegarasi muammosiga ham alohida e’tibor qaratilgan.

Hozir pensiya miqdori so‘nggi 10 yil ichidagi istalgan besh yillik ish haqi asosida hisoblanadi. Bunda ish haqining 6 mln so‘mdan yuqori qismi hisobga olinmaydi (maksimal miqdor 6,6 mln so‘mgacha oshirilishi mumkin). Prezident huzuridagi yig‘ilishda pensiya tayinlashda hisobga olinadigan ish haqi davrini 5 yildan 20 yilgacha oshirish hamda past daromadli ayrim davrlarni hisobdan chiqarish taklif qilingan edi.

Shuningdek, elektron ma’lumotlar to‘liq shakllanmagan davrlar bo‘yicha ish stajini tasdiqlash tartibini soddalashtirish rejalashtirilmoqda. Maqsad — hozirda qo‘shimcha hujjatlar yig‘ishga majbur bo‘layotgan fuqarolar uchun ma’muriy yuklamani kamaytirish.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi pensiya tayinlash uchun talab etiladigan eng kam ish staji muddati qisqaligi fuqarolarning rasmiy bandlikka qiziqishini pasaytirishini ta’kidlamoqda. Shu munosabat bilan talab etiladigan mehnat stajini xalqaro standartlarga muvofiq bosqichma-bosqich oshirish taklif qilinmoqda. Hujjatda pensiya olish davrini ham xalqaro standartlarga moslashtirish haqida so‘z boradi, ammo bu boradagi mexanizm va ehtimoliy o‘zgarishlarning aniq parametrlari ochiqlanmagan.

Islohotning yana bir yo‘nalishi — jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini rivojlantirish. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ushbu tizimning jozibadorligi hali ham pastligini tan olmoqda, chunki fuqarolarning jamg‘argan mablag‘iga to‘lanayotgan daromad foizi tijorat banklari takliflaridan past. Tizimga qiziqishni oshirish uchun matching mexanizmini — kam daromadli fuqarolarning to‘lovlarini davlat tomonidan birgalikda moliyalashtirish tizimini joriy etish taklif qilinmoqda.

Agar oylik ish haqi 7,6 mln so‘mgacha — pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 15 baravarigacha bo‘lgan fuqaro daromadining 5 foizini jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘iga o‘tkazsa, davlat qo‘shimcha ravishda yana 2,5 foiz ajratadi. Shu bilan birga, yuqori ish haqini rasmiylashtirishni rag‘batlantirishi lozim bo‘lgan carve out mexanizmi ham ko‘rib chiqilmoqda. Uning qo‘llanish tafsilotlari strategiyada keltirilmagan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi, shuningdek, fuqarolarni keksalik uchun qo‘shimcha mablag‘larni mustaqil ravishda jamg‘arishga rag‘batlantirish va jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida ishtirok etish jozibadorligini oshirishni taklif etmoqda. Strategiyada qayd etilishicha, jamg‘arib boriladigan pensiya mablag‘larining moliyaviy instrumentlarga joylashtirilishi va ulardan olinayotgan daromadlar haqidagi ma’lumotlar hali ham cheklangan.

Shaffoflik va fuqarolar ishonchini oshirish maqsadida ularga o‘z pensiya jamg‘armalarini boshqarishda ishtirok etish imkoniyatini bosqichma-bosqich berish taklif qilinmoqda. Bu ishtirok qanday tashkil etilishi, shuningdek, fuqarolar boshqaruvchi kompaniya yoki moliyaviy instrumentlarni tanlay oladimi-yo‘qmi, hujjatda aniqlashtirilmagan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi taklif etilayotgan choralar pensiya tizimi qamrovini kengaytirish, o‘zini o‘zi band qilganlar va ro‘zg‘orda band bo‘lgan fuqarolar uchun pensiya huquqlarini shakllantirish, shuningdek, rasmiy bandlik va daromadlarni deklaratsiya qilishga rag‘batni kuchaytirish imkonini beradi, deb hisoblamoqda.

Istiqbolda bu Pensiya jamg‘armasining moliyaviy barqarorligini oshirishi va uning davlat budjetiga qaramligini bosqichma-bosqich kamaytirishi kutilmoqda. Jamg‘arib boriladigan tizimning rivojlanishi esa fuqarolarga keksalikda daromad manbalarini diversifikatsiya qilish, iqtisodiyotga esa qo‘shimcha uzoq muddatli investitsiya resurslarini jalb qilish imkonini berishi kutilmoqda.

2024-yil iyul oyida Strategik islohotlar agentligi O‘zbekistonda pensiya tizimi qamrovi norasmiy bandlik yuqori bo‘lgani sababli atigi 38 foizni tashkil etishini ma’lum qilgan edi. Boshqa mamlakatlar bilan solishtirganda badallar miqdori yuqori (12−25%) bo‘lishiga qaramay, to‘lanadigan pensiyalar o‘rtacha darajada qolmoqda. O‘shanda agentlik mamlakat pensiya tizimini qanday qilib yanada samarali qilish mumkinligini o‘rgangan edi.

Source: www.gazeta.uz