2026-yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekiston ichki bozorida xorijiy valyuta taklifi talabga nisbatan tezroq o‘sgani Markaziy bank sharhida qayd etildi.
Valyutaga bo‘lgan umumiy talab qariyb 32 milliard dollarga yetib, 20 foizga oshgan. Markaziy bank operatsiyalarini hisobga olmaganda esa taklif 31 foizga o‘sib, 27,8 milliard dollarni tashkil etgan.
Yuridik shaxslar tomonidan bo‘lgan ehtiyoj 25,2 milliard dollarni tashkil etib, bu 2025-yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan 19 foizga ko‘p. Jismoniy shaxslar 6,8 milliard dollarlik valyuta xarid qilishgan, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 26 foizga yuqori.
Qiyoslash uchun, 2025-yilning birinchi yarmida valyutaga bo‘lgan umumiy talab 26,6 milliard dollarni, 2024-yilning mos davrida esa 22,4 milliard dollarni tashkil etgan edi. Shu tariqa, ikki yil ichida u qariyb 43 foizga oshgan.
Markaziy bank operatsiyalarini hisobga olmaganda, ichki bozorda xorijiy valyuta taklifi hajmi o‘tgan yilgi 21,1 milliard dollarga nisbatan 27,8 milliard dollarga yetgan (+31,3%). 2024-yilning birinchi yarmida esa bu ko‘rsatkich 17,2 milliard dollarni tashkil etgan edi.
Umumiy taklif hajmidan 13,5 milliard dollar yuridik shaxslar va banklar hissasiga, 12,3 milliard dollar jismoniy shaxslar hissasiga, yana 2 milliard dollarga yaqini Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Markaziy bankda ta’kidlanishicha, regulyatorning monetar oltin bilan bog‘liq operatsiyalari natijasida yuzaga kelgan qo‘shimcha likvidlik betaraflik prinsipi va boshqa pul-kredit siyosati instrumentlari doirasida valyuta operatsiyalari orqali sterilizatsiya qilingan.
Yanvar-iyun oylarida yuridik shaxslarning xorijiy valyutaga bo‘lgan talabi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 19 foizga, uning taklifi esa 29 foizga oshgan.
Xo‘jalik yurituvchi subyektlarning eksport tushumlari hisobidan shakllangan valyuta taklifi 30 foizga o‘sib, 10,1 milliard dollarni tashkil etgan. Ushbu summadan 5,6 milliard dollari yoki 55 foizi ichki valyuta bozorida sotilgan.
2025-yilning birinchi yarmiga nisbatan sotilgan eksport tushumi hajmi 1,2 milliard dollarga yoki 26,4 foizga oshgan.
Shu bilan birga, import qiluvchilarning ichki bozordan valyuta sotib olishga qaramligi ortgan. Importni moliyalashtirish uchun konvertatsiya orqali xarid qilingan mablag‘lar ulushi 2025-yilning yanvar-iyun oylaridagi 63,1 foizdan 2026-yilning birinchi yarim yilligida 67,2 foizgacha ko‘tarilgan.
Importni moliyalashtirishda kompaniyalarning o‘z valyuta mablag‘lari ulushi 23,7 foizdan 22,6 foizgacha, valyuta kreditlari ulushi esa 13,2 foizdan 10,2 foizgacha kamaygan.
Birinchi yarim yillikda O‘zbekistonga 9,28 milliard dollarlik (+13%) xalqaro pul o‘tkazmalari kelib tushgan, mamlakatdan esa 1,33 milliard dollar yuborilgan. Aholi banklarga 12,3 milliard dollarlik xorijiy valyuta sotgan (qariyb +40%), xarid qilgani esa 6,8 milliard dollarni tashkil etgan.
Markaziy bank pul o‘tkazmalari hajmining ortishi, eksport tushumlari va yuridik shaxslar tomonidan valyuta taklifining o‘sishi bilan bir qatorda, yilning birinchi yarmida almashuv kursining nisbiy barqarorligiga xizmat qilganini qayd etgan.
Source: www.gazeta.uz