Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Fiskal tahlil instituti 2027 yildan ayrim kompaniyalar uchun foyda solig‘i stavkasini pasaytirish, shuningdek, moliyaviy xizmatlarning bir qismini qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) bilan soliqqa tortishni taklif qildi.

Takliflar Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish, fiskal tahlil instituti tomonidan taqdim etilgan 2027 yil uchun soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlariga kiritilgan.

Mualliflar asosiy e’tiborni soliq bazasini kengaytirish, soliqqa tortishning neytralligi va ma’murchilikni raqamlashtirishga qaratishni taklif qilmoqda. Shu bilan birga, asosiy soliq stavkalarini saqlab qolish taklif etilgan: foyda solig‘i — 15%, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va QQS — 12 foizdan.

Hozirda foyda solig‘ini 20 foiz stavkada to‘layotgan ayrim toifadagi soliq to‘lovchilar uchun institut uni umumiy belgilangan 15 foizga tushirishni taklif qildi. Gap quyidagilar haqida bormoqda: (keyingi qismda batafsil).

Institut hisob-kitoblariga ko‘ra, stavkaning pasaytirilishi budjet daromadlarining 859 mlrd so‘mga kamayishiga olib keladi. Bu yo‘qotishlarni moliyaviy xizmatlarga QQS bazasini kengaytirish hisobiga qoplash taklif qilinmoqda. Institut bunday operatsiyalarni komissiyali va marjinal turlarga ajratishni tavsiya qilgan.

QQSni aniq komissiya belgilangan xizmatlardan undirish taklif etilmoqda. Ular qatoriga hisobvaraqlar va bank kartalarini yuritish, hisob-kitob va kassa xizmatlari, ekvayring, to‘lovlarni qabul qilish, kafolatlar va akkreditivlar bo‘yicha komissiyalar, valyuta ayirboshlash komissiyalari, bank kartalarini protsessing qilish, shuningdek depozitar, ro‘yxatdan o‘tkazish va birja xizmatlari, to‘lov tizimlari mukofotlari hamda faktoring va forfeytingning xizmat qismi kiritilgan.

Foizli va boshqa marjinal operatsiyalarni esa QQSdan tashqarida qoldirish taklif qilinmoqda. Ular qatorida omonatlarni jalb qilish va mablag‘larni joylashtirish, kredit berish, qarzlar bo‘yicha foizlar, REPO operatsiyalari, lizingning foiz qismi, faktoring va forfeytingning diskont qismi, ulushlar, paylar, qimmatli qog‘ozlar va hosilaviy moliyaviy vositalarni realizatsiya qilish, kreditorning huquqlarini (talablarini) boshqa shaxsga o‘tkazish bor.

Mualliflar xalqaro amaliyotga tayanib, unga ko‘ra QQS aniq ajratilgan komissiyalardan undirilishi, foiz marjasi esa odatda soliqdan ozod qilinishiga ishora qilgan.

Qo‘shimcha daromadlarning yana bir manbai sifatida soliq ma’murchiligi va biznes jarayonlarini raqamlashtirish ko‘rsatilgan. Institut hozirgi QQSning C-samaradorligini taxminan 57 foiz deb baholagan. Bu ko‘rsatkich amaldagi tushumlarni 12 foiz stavka bo‘yicha yakuniy iste’mol to‘liq soliqqa tortilganida olinishi mumkin bo‘lgan daromadlarga nisbati sifatida hisoblanadi.

2027 yilga kelib ushbu ko‘rsatkichni taxminan 63 foizga yetkazish taklif etilmoqda. Institut hisob-kitoblariga ko‘ra, bu budjetga qo‘shimcha 4,871 trln so‘m tushum keltirishi mumkin. Buning uchun soliq majburiyatlarini bajarishni, jumladan QQSni qaytarish jarayonini soddalashtirish va avtomatlashtirish, raqamli nazorat vositalarini rivojlantirish va ma’lumotlarni avtomatik qayta ishlash, shuningdek soliq to‘lovchilarning biznes jarayonlarini raqamlashtirish taklif qilinmoqda.

Shu bilan birga, nazoratni yoppasiga tekshiruvlar o‘rniga yuqori riskli soliq to‘lovchilarga qaratish tavsiya etilgan. Mualliflar operatsiyalar shaffofligining oshishi yashirin aylanmalarni qisqartirib, QQS yig‘imdorligini oshirishini kutmoqda.

Institut 2027 yilda foyda solig‘ining bazaviy stavkasini 15 foiz, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va QQS stavkalarini esa 12 foiz darajasida saqlab qolishni taklif qildi. Shu bilan birga, qat’iy summada belgilangan barcha soliq va yig‘imlarni prognoz qilinayotgan inflyatsiya darajasi — taxminan 5−6 foizga muvofiq indeksatsiya qilish tavsiya etilgan.

Biznes uchun prognoz qilish imkoniyatlarini oshirish maqsadida, qat’iy belgilangan stavkalarni uch yil oldindan e’lon qilish taklif qilinmoqda. Mualliflar fikricha, bu biznesga narxlar, shartnomalar va ishlab chiqarish hajmini oldindan rejalashtirish hamda tartibga solishdagi noaniqliklarni kamaytirish imkonini beradi.

O‘rta muddatli istiqbolda institut jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining progressiv stavkalariga o‘tish masalasini ham ko‘rib chiqishni tavsiya qildi. Uning bahosiga ko‘ra, bu yuqori daromadga ega fuqarolar ko‘proq ulushda soliq to‘laydigan soliqqa tortishning vertikal adolatini kuchaytiradi.

Institut alohida ravishda xizmat ko‘rsatish sohasidagi sakkizta tarmoq uchun joriy etilgan ijtimoiy soliqning pasaytirilgan stavkasi samaradorligini ham tahlil qildi. Mazkur imtiyoz prezidentning 2022 yil yanvardagi farmoni bilan joriy etilgan bo‘lib, keyinchalik uning amal qilish muddati 2028 yilgacha uzaytirilgan. Unga ko‘ra, kompaniyalar ijtimoiy soliqni standart 12 foiz o‘rniga 1 foiz stavkada to‘lashi mumkin.

Institut ma’lumotlariga ko‘ra, 2022−2024 yillarda ushbu imtiyozdan taxminan 26,5 mingta kompaniya, ya’ni undan foydalanish huquqiga ega tashkilotlarning 30 foizi foydalangan. Qolgan 60,8 mingta korxona, ya’ni 70 foizi esa undan foydalanmagan. Shu bilan birga, imtiyozlar umumiy hajmining 80 foizi eng yirik 10 foiz kompaniya hissasiga to‘g‘ri kelgan. Qolgan 90 foiz kompaniya esa imtiyozlarning atigi 20 foizini olgan.

Institut fikricha, imtiyoz joriy etilishidan ko‘zlangan asosiy maqsad — bandlikni oshirish va norasmiy bandlikni qisqartirish amalga oshmagan. Mualliflar bahosiga ko‘ra, imtiyozlarning asosiy qismidan allaqachon rasmiy faoliyat yuritib kelgan yirik korxonalar foydalangan.

Qayd etilishicha, taqdim etilgan tashabbuslar institutning tahliliy takliflari hisoblanadi va qabul qilingan qaror yoki qonun loyihasi maqomiga ega emas.

Source: www.gazeta.uz