Surxondaryo viloyatida yo‘l va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish rejalari muhokama qilindi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-fevraldagi yig‘ilishda Boysun-Denov yo‘lining 111 km qismini sement-beton qoplamaga o‘tkazish loyihasi e’lon qilindi. Bu loyiha Osiyo taraqqiyot banki tomonidan 183 mln dollar hisobiga moliyalashtirilmoqda. Yo‘l ishga tushgach, yuk hajmi ikki baravar oshadi, tashish vaqti 3 soatdan 1,5 soatga qisqaradi.
Prezident O‘zbekistonni Afg‘oniston va Tojikiston bilan bog‘laydigan 178 km magistral yo‘lning 30 yildan beri kapital ta’mirlanmaganligini ta’kidladi. Mutasaddilarga qurilish ishlarini uch oy ichida boshlash topshirildi.
Yig‘ilishda temiryo‘l qatnovini yaxshilash ham muhokama qilindi. Toshkent-Termiz yo‘nalishidagi poyezdlar 14 soatdan ko‘proq vaqt sarflaydi. Koreyalik hamkorlar bilan zamonaviy tezyurar poyezdlarni yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Toshg‘uzor-Boysun-Qumqo‘rg‘on uchastkasini tezyurar poyezdga moslash loyihasi va Qumqo‘rg‘on-Quduqli temiryo‘lini elektrlashtirish ishlari boshlanishi belgilandi.
Termiz-Istanbul va Termiz-Dubay yo‘nalishlarida yangi reyslar qo‘yilishi, shuningdek, Surxondaryoga olib kelinayotgan 125 ta avtobusni viloyat ichidagi yo‘nalishlarga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Yil oxirigacha Muzrabotdagi 56 ming aholiga markazlashgan ichimlik suvi yetkazib berish loyihasi yakunlanadi. Muzrabot, Oltinsoy, Angor, Qiziriq va Boysun markazlariga kanalizatsiya olib borish loyihasi boshlanadi.
Source: www.gazeta.uz